ASBOBSOZLIK SANOATI

ASBOBSOZLIK SANOATI — mashinasozlik uchun qirquv va o’lchov asboblari, uzunlikni o’lchaydigan anjomlar, kesuvchi slesar-montaj asboblari hamda moslamalar chiqaradigan sanoat tarmog’i. Turli asboblar ishlab chiqarishning rivojlanishi metallni qayta ishlash sanoati, ayniqsa, stanoksozlikning o’sishi bilan bog’liq. Asbobsozlik sanoati mustaqil sanoat tarmogi sifatida 19 — asr o’rtalarida tarkib topdi. 19-asrning 20 — 30 yillarida qattiq metallarni eritishning ixtiro qilinishi ularni eritib, qotishmaga aylantiradigan asboblarning vujudga kelishiga sabab bo’ldi. Asbobsozlik sanoati ko’pgina sanoat tarmoqlarini kerakli asboblar bilan ta’minlaydi. Ayniqsa, u mashinasozlik zavodlari uchun asboblar tayyorlashda katta ahamiyatga ega. Mashinasozlik korxonalarining o’zida ham ayrim asboblar tayyorlanadi. Maxsus asbobsozlik zavodlarida ko’mir, neft, tog’-kon sanoatlari va tibbiy muassasalari uchun ham asboblar ishlab chiqariladi. Asbobsozlik sanoati O’zbekistonda ham rivojlangan. 1940 yilgacha respublika korxonalaridagi ayrim tsexlarda kam miqdorda asboblar tayyorlanar edi. Toshkentda asbobsozlik zavodi (1943), 1941 yil Toshkent korborund va abraziv zavodlari ishga tushirildi (1963 yilda ikki zavod birlashtirilib, Toshkent abraziv kombinati tashkil etildi). 1970 yildan olmos, 1973 yildan sun’iy olmos mahsulotlari ishlab chiqarish boshlandi. 1975 yildan to’liq abraziv mahsulotlari ishlab chiqarishga o’tildi. 1990 — 96 yillarda kombinat «Elbor» ishlab chiqarish birlashmasiga aylantirildi (1996 yildan «O’ta qattiq materiallar» aktsiyadorlik jamiyati). Jamiyat mahsulotlari chet ellarga ham eksport qilinadi. O’zbekistonda asbobsozlik sanoati korxonalari («Toshkent asbobsozlik zavodi», «Toshkent abraziv zavodi», «O’ta qattiq materiallar» ochiq turdagi davlat-aktsiyadorlik jamiyatlari) «O’zmashsanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi. Shuningdek, yirik mashinasozlik sanoati korxonalarida maxsus asbobsozlik tsexlari mavjud. Yirik ilmiy-amaliy markazlardan biri bo’lgan «Texnolog» aktsiyadorlik jamiyati o’ta qattiq materiallardan yangi asboblar tayyorlash va joriy etishni ta’minlaydi. Mirhamid To’rayev.