Ashtarxoniylar
Ashtarxoniylar-Movarounnahrni idora qilgan sulola (1599-1753). 1556 yilda Astraxan (Hoji-Tarhon) xonligi Rossiya tomonidan bosib olingach, Jo’chixon nasliga mansub bo’lgan Astraxan xoni Yormuhammad o’z oilasi a’zolari va qarindoshlari bilan Buxoroga keladi. Buxoro xoni Iskandar Yormuhammad va uning hamrohlariga o’z mamlakatidan boshpana beradi. Yormuhammadning o’g’li Jonibek Sultonga o’z qizi Zuhrani xotinlikka beradi. Shu nikohdan uch o’g’il (Dinmuhammad, Boqimuhammad, Valimuhammad) dunyoga keladi. Buxoro xoni Abdulmo’min o’ldirilgandan so’ng shayboniylar naslidan valiahd yo’qligi uchun Jonibekning o’g’li Boqimuhammad xon taxtiga ko’tariladi. Shundan so’ng Buxoro xonligida ashtarxoniylar sulolasining hukmronligi boshlangan.