ASIRIY kim bo’lgan?

ASIRIY (18 — asr 2 — yarmi — 19 — asr boshlari) — shoir va tarjimon. Turkiy va forsiyda ijod qilgan. 2 asarining qo’lyozmasi saqlangan. Nasimiy hayotiga bag’ishlangan «Qissai Sayd Nasimiy» dostoni (1774) da shoir ijodi yuksak baholanadi. «Nuh manzar» («To’qqiz manzara») asarini forsiydan turkiyga ijodiy tarjima qilgan. Unda an’anaviy «Sherzod va Gulshod» qissasi va u bilan bog’liq 9 hikoya keltirilgan. Qissa o’zbek tilida nashr etilgan. Asiriy qo’lyozmalari Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shchedrin nomidagi kutubxona (inv. № TNS — 85), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 4015) da saqlanadi.