ASSIMILYATSIYA

ASSIMILYATSIYA (lotincha assimililio — birikish, o’zlashtirish, o’xshatish) — (biologiyada) tirik organizmlar uchun xos bo’lgan moddalar almashinuvining bir tomoni, tashqi muhitdan olinadigan moddalardan organizm uchun zarur murakkab moddalar hosil bo’lishi. Assimilyatsiya — tiriklikning eng asosiy xususiyatlaridan biridir. Assimilyatsiya jarayonida organizmning o’sishi, rivojlanishi va yangilanishida energiya manbai sifatida foydalaniladigan moddalar to’planishi ta’minlanadi. Termodinamika nuqtai nazaridan organizmlar ochiq sistema bo’lib, ularga tashqi muhitdan energiya kelib turadi. Tirik organizmlar uchun quyosh nuri dastlabki energiya manbai hisoblanadi. Yer yuzida uchraydigan barcha tirik organizmlar energiya manbalaridan foydalanish xususiyatlariga ko’ra avtotrof va geterotrof guruhga ajratiladi. Faqat avtotroflar (yashil o’simliklar) quyoshning energiyasidan fotosintez jarayonida organik moddalar (uglevodlar, oqsillar, yog’lar) sintez qilishi mumkin. Xemosintezlovchi mikroorganizmlardan tashqari barcha organizmlar (geterotroflar) tayyor organik moddalarni Assimilyatsiya qiladi, ya’ni ulardan energiya manbai yoki qurilish materiali sifatida foydalanadi. Assimilyatsiya jarayonida geterotroflar organizmida oqsillar dastlab aminokislotalargacha parchalanadi, ya’ni biologik individuallik xususiyatini yo’qotadi, so’ngra har bir organizmning o’zi uchun xos bo’lgan oqsillar sintezlanadi. Tirik organizmda uni tashkil etuvchi qismlarning yangilanishi parchalanish (dissimilyatsiya) va sintezlanish (Assimilyatsiya) tufayli to’xtovsiz davom etadi. Masalan, katta yoshdagi odam organizmida oqsillar taxminan 2,5 yil davomida to’liq almashinadi. Assimilyatsiyaning intensivligi va bu jarayonning dissimilyasiyaga nisbati organizmlar turi hamda yoshiga bog’liq. Assimilyatsiya organizmlar o’sayotgan davrda, ya’ni yosh hayvonlar organizmida, o’simliklarning butun hayoti davomida jadal kechadi. Assimilyatsiya anabolizm jarayoniga o’xshash, lekin undan oziqning iste’mol qilinishi va organizmda oziq moddalarning to’planishi, ya’ni hujayradan tashqarida boradigan jarayonlarni ham o’z ichiga olishi bilan farq qiladi.

ASSIMILYATSIYA — 1) o’xshashlik, aynanlik, qo’shilish, o’zlashtirish; 2) (etnografiyada) — bir xalqning o’z tili, madaniyati, urf-odatlari va boshqalarni yo’qotib, ikkinchi xalqqa qo’shilib ketishi; 3) (tilshunoslikda) —bir tovushning boshqa bir tovush ta’sirida unga o’xshab ketishi yoki bir xillik kasb etishi, masalan, tuzsiz-tussiz. Assimilyatsiyaning bir necha turi farqlanadi: to’liq (yerni — yerri), to’liqsiz (o’tgan — o’tkan), progressiv — oldingi tovush ta’sirida keyingi tovush o’zgarishi (o’tdi — o’tti), regressiv — keyingi tovush ta’sirida oldingi tovush o’zgarishi (so’zsiz — so’ssiz), distant — yonma-yon bo’lmagan undoshlar o’xshashi (moshkichiri — mochkichiri), kontakt — yonma-yon undoshlar o’xshashi (qo’lni-qo’lli).

ASSIMILYATSIYA (petrografiyada) — magmaning yon atrofidagi boshqa jinslarni o’zlashtirish jarayoni. Assimilyatsiyada magma boshqa jinslarni to’liq yoki qisman eritib o’zining tarkibini o’zgartiradi. Assimilyatsiya magma differentsiasiyasiga sabab bo’lishi mumkin. Magma va uni o’rab turgan jinslarning kontrastli tarkibi, magmaning yuqori harorati va undagi uchib ketuvchi komponentlarning ko’pligi Assimilyatsiya uchun qulay sharoit hisoblanadi. Gibrid magma kristallanib tog’ jinsi hosil bo’ladi. Ba’zi tadqiqotchilar (H. M. Abdullayev va boshqalar) Assimilyatsiya jarayoni metallogenik ixtisoslashishning omili sifatida muhim rol o’ynaydi deb hisoblaydilar.