ASSOM TILI

ASSOM TILI — Hindistonning shimoli-sharqidagi Assom shtatida yashovchi Assom xalqining tili. Hind-Yevropa tillari oilasiga kiradi. Assom tili 10 — 11 — asrlarda shakllana boshlagan. 13 — asrda Assom yerlarini axomlar ishg’ol etishi bilan Assom tili axom leksikasi, o’lkada vishnuiylik dini yoyilishi tufayli sanskrit leksikasi ta’sirida rivojlandi. Assomda inglizlar hukmron bo’lgan davrda Bengal tili viloyatning rasmiy tili deb e’lon qilingan. Bu davrda Assom tiliga Bengal leksikasi katta ta’sir ko’rsatgan. Assom tili Hindiston milliy tillaridan biri bo’lib qolgan. Assom tilidagi adabiyot 13 — asr oxiri — 14 — asr boshlarida paydo bo’ldi. 15 — 16 — asrlarda ko’proq diniy mavzuda asarlar yaratildi. 17 — 18 — asrlarda tarixiy voqealar aks etuvchi yilnoma (buranj)lar hamda diniy arboblar hayoti aks etuvchi asarlar keng tarqaldi. 19 — asrning 2 yarmiga kelib yangi adabiy janr (roman, hikoya) lar paydo bo’ldi. Assom tilida jurnal nashr etila boshladi. Publitsistika ham taraqqiy etdi. Ingliz mustamlakachilariga qarshi xalq qo’zg’oloni milliy ozodlik harakatini yangi bosqichga ko’tardi. Bu davr adabiyotida vatanparvarlik g’oyalari ilgari surildi (P. Chaudxuri, «Jo’shqin qo’shiqlar»). 20 — asrning 2 — yarmida ijod etgan yozuvchilar asarlarida ijtimoiy taraqqiyot uchun kurash asosiy o’rinni egalladi (S. A. Malik, Ch. K. Gog’oya, Sharma Dinapatxa, P. Pxukana va boshqalar).