ASTRAL E’TIQODLAR

ASTRAL E’TIQODLAR (astro… so’zidan)— osmon yoritqichlari va hodisalariga hamda u bilan bog’liq sehrgarlik hatti-harakatlariga sig’inish. Muayyan darajada hamma xalqlarda bo’lgan. Astral e’tiqodlar ayniqsa qadimgi ikki daryo oralig’i, Misr va qadimgi Hindistonda keng tarqalgan edi. Bu mamlakatlardagi ibodatxonalar rasadxona (observatoriya) vazifasini ham bajarib, osmon hodisalarini kuzatishda katta rol o’ynagan. Yulduzlar vaziyatiga qarab, bu bilan davriy bog’liqlikka ega bo’lgan daryolarda suv toshqini bo’lishini oldindan aytganlar. Astral e’tiqodlar asosida astrologiya, folbinlik va karomat qilish vujudga keldi. Xristianlikdagi Vifleem yulduzi va Apokalipsisdagi yetti yulduz haqidagi rivoyatlar hamda Sharqdagi munajjimlik Astral e’tiqodlar namunasidir.