ATLANTA
ATLANTA — AQShdagi shahar, Jorjiya shtatining ma’muriy markazi. AQSh Janubidagi yirik transport, savdo-sanoat, madaniyat markazi, xalqaro aeroport bor. Aholisi 394 ming kishi (1990, shahar atrofi bilan 2,4 million kishi). Aviaraketakosmik, radioelektronika, avtomobil, kimyo, poligrafiya, oziq-ovqat (shu jumladan «Koka-kola» firmasi) va boshqa sanoat korxonalari mavjud. Atlanta — afroamerikaliklarning madaniyat va biznes markazi. Shaharga 19 — asr 1-yarmida asos solingan. 1861 — 65 yillardagi fuqarolar urushi davrida vayron qilingan, 19 — asr oxiri — 20 — asr boshida qayta tiklangan. 26-Olimpiada o’yinlari (1996) bo’lib o’tgan. Muzeylar universitetlar bor.