AUESKI KASALLIGI

AUESKI KASALLIGI, soxta quturish kasalligi (Venger vrachi A. Auieszky nomidan) — hayvonlarda Markaziy nerv sistemasi va nafas organlarining shikastlanishi belgilari bilan o’tadigan virusli yuqumli kasallik. Aueski kasalligi bilan barcha sut emizuvchilar va qushlar kasallanadi. Kasallik ayniqsa, darrandachilik va cho’chqachilik xo’jaliklariga katta zarar keltiradi. Aueski kasalligi, asosan, ot, cho’chqa, qoramol, qo’y-echki va itlarda yilning hamma faslida uchraydi. Kasallik ko’proq kemiruvchilar va etxo’r (yirtqich) lar orqali tarqaladi; cho’chqalarga boshqa kasal hayvonlardan bevosita ham yuqadi. Viruslar qon va limfa bilan butun organizmga tarqaladi. Aueski kasalligining inkubasiya davri 1-8 kun. Kasallangan hayvon to’satdan lohas bo’ladi, harorati ko’tariladi, ovqat yemay qo’yadi, qichinadi, qoramol oz qo’y-echkilardan ko’p so’lak oqadi, halloslaydi, yurak urishi tezlashadi, mudrab yuradi va 3-5 kundan so’ng halok bo’ladi. Tashhis kasallikning klinik belgilari va laboratoriya tekshirishlari asosida qo’yiladi. Davosi: Aueski kasalligi yuqqan hayvonlarga gammaglobulin; qaytalanmasligi uchun penisillin, streptomisin beriladi. Oldini olish: hayvonlar emlanadi, Aueski kasalligi tarqalganligi aniqlangan xo’jalik karantin zonasi deb e’lon qilinadi. Epizootiyaga qarshi chora-tadbirlar o’tkaziladi. Kasal va tuzalgan hayvonlar boshqa joyga olingach, molxonalar 1% li formaldegid eritmasi, yangi so’ndirilgan ohakning 20% eritmasi bilan dezinfektsiya qilinadi.