AVARIYADAN QUTQARISH TIZIMI
AVARIYADAN QUTQARISH TIZIMI — kosmik kemani orbitaga olib chiquvchi raketada biror avariya holati yuzaga kelganda kema ekipajini qutqarish uchun qo’llaniladigan kema bortidagi maxsus apparatlar. Agar shunday holat startda yoki uchish traektoriyasining boshlang’ich qismida yuz bersa, kosmonavtlar katapulta qilinib, so’ngra parashyutda yerga tushiriladi yoki, zaruriyat bo’lsa, kemani maxsus dvigatel yordamida xavfsizroq masofaga olib borib, so’ngra ular parashyutda yoki kema bilan birgalikda yerga qo’ndiriladi. Orbitaga chiqish oldida yoki orbitada shunday holat yuzaga kelsa, kema eltuvchi raketadan ajratilib, maxsus dvigatel yordamida tushish orbitasiga o’tkazilib, atmosferada tormozlanadi, so’ngra qo’ndiriladi. Avariyadam qutqarish tizimida avariya holatini qayd qiluvchi va kemaning bundan keyingi bajaradigan barcha zarur amallarini avtomatik ravishda harakatga keltiruvchi apparatlar tizimi bo’ladi.