AVIAGORIZONT
AVIAGORIZONT — haqiqiy ufq (gorizont) vaziyatini ko’rsatuvchi giroskopik asbob. Aviagorizont samolyot yoki boshqa uchish apparatining ko’ndalang va bo’ylama og’ish burchaklarini ko’rsatadi. Rotori giroskop bilan bog’langan mil (strelka) sun’iy ufqni ko’rsatib turadi. Rotor o’qi tik vaziyatda bo’lganda mil gorizontal vaziyatni egallaydi. Uchuvchi Aviagorizont shkalasidagi samolyot qiyofasi (silueti)ning sun’iy ufq miliga nisbatan olgan vaziyatiga qarab, samolyotning haqiqiy ufqqa nisbatan vaziyatini aniqlaydi. Dastlab, pnevmatik (havoli) giroskop va tuzatish kirituvchisi bo’lgan Aviagorizont qo’llanilgan, hozir elektr giroskop va tuzatish kirituvchili Aviagorizont ishlatiladi.