AVJ
AVJ (Arabcha — cho’qqi, baland) — 1) O’n ikki maqom majmuasidagi ma’lum sho’ba nomi. 2) musiqa asarining yuqori pardalardagi cho’qqisi, kulminasiya doirasi, ya’ni musiqa asarining eng baland registrdagi davomli kuy tuzilmasi. Maqomlarning cholg’u va ayniqsa aytim bo’limlari, ashula, katta ashula, suvora va yirik shaklli cholg’u kuylardan keng o’rin olgan. Avjlarning asosiy turlari — kichik Avj, o’rta Avj, katta (yoki yuqori) Avj deb yuritiladi. Sho’balarning miyonxat tuzilmasini kichik Avjga, dunasrni — o’rta Avjga va namudlarni — katta Avjga qiyoslash mumkin. Avjlar musiqa asarlari bayoni va rivojida shakllantiruvchi va ifodalovchi ahamiyatga ega. Ashulalardagi she’r mazmuni, fikr va his-tuyg’ularning ta’sir kuchini musiqiy vositalar yordamida teranlashtiradi. Avj ishlatish an’anasi o’zbek va umuman Sharq bastakorlik san’atida, shuningdek hofizlar va sozandalarning ijrochilik mahorati tufayli mukammallashib ma’lum tabiiy qonuniyat sifatida vujudga kelgan. Shashmaqom sho’balarining katta Avji o’ndan ortiq namud va ikki Avj (Zebo pari va Turk) ning turli birikmalaridan tuziladi. Zebo pari va Turk Avjlarini qo’llashda namudlardagi kabi muayyan ijodiy erkinlik mavjud.