AVSTRALIYALIKLAR
AVSTRALIYALIKLAR — 1) Avstraliya aborigenlari; anchasi mustamlakachilar tomonidan qirib tashlangan (18-asr oxirida 250-300 ming bo’lsa, 1992 yil 170 mingga yaqin edi). Qisman, rezervasiyalar deb e’lon qilingan cho’l zonalarida yashaydi. Avstraliyaliklar katta ekvatorial (negroid-avstraloid) irqqa mansub. Bu irqdagilar qora tanli, keng burunli, yuz qismi turtib chiqqan, to’lqinsimon sochli, badani va yuzi sertuk. Ular 500 dan ortiq qabilaga bo’lingan. Har bir qabila o’z tilida so’zlashadi. Avstraliyaliklar ovchilik, temirchilik, baliqchilik bilan shug’ullanadi. Avstraliyaliklarning ilk ajdodlari Janubiy-Sharqiy Osiyodan (asosan Indoneziyadan) taxminan 40 ming yillar ilgari kelib joylashgan. Ba’zan Avstraliyaning barcha aholisini Avstraliyaliklar deb ataydilar. 2) Xalq, Avstraliyaning asosiy aholisi, asosan, Buyuk Britaniyadan ko’chib kelganlarning avlodlari, ingliz-avstraliyaliklar 13,4 millondan ziyod (1992). Ingliz tilining Avstraliya shevasida so’zlashadi. Xristian dinining katolik, Presviterian mazhablariga e’tiqod qiladi.