AVSTRIYA-FRANTSIYA URUSHI

AVSTRIYA-FRANTSIYA URUSHI (1809) — Frantsiyaning Yevropadagi hukmronligini sindirib, o’z mustaqilligini saqlab qolish maqsadida Avstriyaning Frantsiyaga qarshi urushi. Avstriya urushdan oldin Angliya bilan ittifoq tuzdi. Avstriya armiyasining asosiy qismi 1809 yil 10 aprelda Inn daryosini kechib, Regensburg yonidagi Frantsiya armiyasiga zarba berdi va Bavariyaga bostirib kirdi. Napoleon mohirlik bilan urush harakatlari maydoniga ko’p qismdan iborat armiya tashladi. 22 aprelda Ekmyul jangida Avstriya armiyasi katta talafot ko’rib Venaga chekindi. Frantsuzlar 13 mayda Venani egalladi va 5-6 iyulda Vagram yonida avstriyaliklarni yengdi. Avstriya 1809 yil 14 oktabrda Shyonbrunn sulhiga qo’l qo’ydi va Frantsiyaga qaram davlatga aylandi.