AVTOGENEZ
AVTOGENEZ (Avto… va Yunoncha genesis — tug’ilish, paydo bo’lish) — evolyutsion ta’limotdagi idealistik kontsepsiya. Avtogenez ta’limotiga binoan evolyutsiya organizmlarning dastlabki ichki potentsial imkoniyatlari asosida yuz beradigan, oldindan belgilab qo’yilgan jarayondan iborat. Avtogenez organizmlarning tarixiy va individual rivojlanishini faqat ichki, avtonom omillar ta’siri deb tushuntiradi. J. B. Lamarkning gradasiya, G. Osbornning aristogenez, E. Kopning batmogenez, T. Eymerning ortogenez, L. S. Bergning nomogenez nazariyalari avtogenetik xususiyatlarga ega. Avtogenez ta’limotining tarafdorlari evolyutsiyaning avtogenetik mohiyatini isboti tariqasida evolyutsiyadagi parallelizm va konvergentsiya hodisalarini dalil qilib ko’rsatishadi. Avtogenez ektogenezga qarshi qo’yiladi.