AVTOMATIK BOSHQARISH NAZARIYASI
AVTOMATIK BOSHQARISH NAZARIYASI — texnikaviy kibernetikaning turlicha murakkablikdagi va har xil tabiatli jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimlari (ABT)ni yaratish ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boruvchi bo’limi. Avtomatik boshqarish nazariyasida haqiqiy ob’yektlar o’rnida ularning o’xshash (adekvat) matematik modellaridan foydalaniladi. Unda asosan ikki muammo: Avtomatik boshqarish nazariyasi taxlili va sintezi ustida tadqiqotlar olib boriladi. Ikki xil boshqarish tizimi, ya’ni ochiq va yopiq boshqarish tizimlari jarayonlarni boshqarish tarzi bo’yicha bir-biridan farq qiladi. Birinchisida boshqaruvchi ta’sirlar jarayonni toyiltiruvchi ta’sirlardan kelib chiqib, ularning toyilishi farqini kamaytirishga qaratiladi. Bunday boshqarish tizimining asosiy kamchiligi o’lchash imkoni bo’lmagan tashqi toyiltiruvchi ta’sirlarni bartaraf eta olmasligidadir. Bundan tashqari, ushbu boshqarish tizimlari nobarqaror ob’yektlarni uzoq vaqt davomida boshqara olmaydi. Yopiq boshqarish tizimlari asosida teskari bog’lanish g’oyasi yotadi. Bu g’oya parametrlarning me’yordan chetlashishi bo’yicha boshqarish printsipi (yoki teskari bog’lanishli boshqarish) nomi bilan ma’lum. Bu yerda boshqaruvchi parametrlarning talab darajasidan og’ishi tufayli ularni talab holatiga qaytaruvchi ijro signallari shakllantiriladi. Bunday usulning universalligi nobarqaror ob’yektlarni boshqarishda namoyon bo’ladi. Avtomatik boshqarish nazariyasi, xususan, yopiqtizim nazariyasidagi Markaziy muammo — bu tizimning mustahkamligi. 20-asr 50-60-yillari bunday tizimlarning sintez usullari jadal rivojlangan davr bo’ldi. Sintez masalasini yechishda sifat mezonini tanlash asosiy o’ringa ega. Avtomatik boshqarish nazariyasini sintez qilishning usullari ichida bunday tizimlarni invariant va avtonom sintez qilish usullari alohida o’rin egallaydi. Bu nazariyada sifatni baholashning integral mezonidan foydalanishga asoslangan Avtomatik boshqarish nazariyasi sintez usuli ustuvor hisoblanadi. Avtomatik boshqarish nazariyasida ifodalanganidek, boshqarishga tengsizlik ko’rinishida chegara qo’yilgan nochiziqli ob’yektlarni maqbul boshqarishning sintez masalasi, Pontryaginning maksimum qonuni va Bellmanning dinamikaviy dasturlar kabi variasiya hisobining yangi masalalarini yechishda qisman o’zgargan usullarning paydo bo’lishiga rag’batlantirdi. Maqbul tizimlarning sintez usullari umumlashtirilib, Avtomatik boshqarish nazariyasi nisbatan kam tadqiqotlar o’tkazilgan taqsimlangan parametrli boshqarish tizimlari sinfiga o’tkazildi. Ayrim boshqarish ob’yektlarida o’zgarmas matematik modelning apriori (boshlang’ichi) Avtomatik boshqarish nazariyasini ishlashda yoki uni loyihalashda ob’yektning haqiqiy holatiga noo’xshash (noadekvat) bo’ladi. Ko’pincha, ro’y berayotgan jarayonning nihoyatda murakkabligi tufayli ma’lum fizikaviy yoki kimyoviy qonunlar asosida boshqarish ob’yektining matematik modelini yaratish amaliy jihatdan mumkin bo’lmaydi. Bu albatta Avtomatik boshqarish nazariyasidan foydalanilayotganda o’lchashga imkoni bo’lmagan tashqi va ichki toyiltiruvchi parametrlar ularning ko’rsatkichlarini o’zgartirib yuborishi natijasidir. Shu sababli, boshqarish ob’yektlarini identifikasiyalash usullari deb atalgan ilmiy yo’nalish paydo bo’ldi. Adaptiv boshqarish tizimlarining paydo bo’lishi aprior axborot kamchiligini to’ldirish imkonini yaratdi va tizim samaradorligini oshirishga olib keldi. Adaptiv boshqarish tizimlari sinfiga taalluqli oddiy yopiq ekstremal rostlash tizimini alohida sinfga ajratish mumkin hamda bunday boshqarish masalasi ehtimollik masalasi deb qaraladi. Uni yechish uchun statistik yechim va boshqariluvchi tasodifiy jarayon nazariyasi usullaridan foydalaniladi. Avtomatik boshqarish nazariyasini yaratish ustida olib boriladigan ilmiy va amaliy tadqiqotlar bosqichida uzluksiz (analog) va uzlukli (raqamli) modellash usullari katta ahamiyat kasb etadi. Erkin Yoqubov.