AVTOMATIK PAYVANDLASH
AVTOMATIK PAYVANDLASH, avtomatik elektr yoyli payvandlash — asosiy jarayonlari mexanizasiyalashgan elektr yoyli payvandlash. Bunda elektrodni yoyga yaqinlashtirish, yoyni payvandlash chizigi bo’ylab surib turish ishlari odam ishtirokisiz bajariladi. Avtomatik payvandlashda elektr yoyda suyuqlanadigan elektrodsim ishlatiladi. Suyuqlanmaydigan volfram elektrod bilan Avtomatik payvandlash usuli ham mavjud, yaxlit elektrod o’rniga ichiga temir kukuni, legirlovchi va flyus hosil qiluvchi aralashmalar to’ldirilgan naychadan iborat elektrodlardan ham foydalaniladi. Avtomatik payvandlash flyus va himoya gazlari ostida amalga oshiriladi. Agar elektrodni yoyga yaqinlashtirish jarayonini mexanizasiyalashtirib, yoyni surib turish jarayoni qo’lda bajarilsa, bunday Avtomatik payvandlash yarim avtomatik payvandlash deb ataladi. Avtomatik payvandlash payvandlash kallagi va payvandlash traktori yordamida bajariladi.