AVTOMATIK TUTASHTIRISH

AVTOMATIK TUTASHTIRISH (kosmonavtikada) — kosmik apparatlar orbitaga alohida-alohida chiqarilgandan so’ng ularni avtomatik usulda ulash. Kosmik apparatlarni orbitada ta’mirlash, kosmik stansiyalarni orbitada yig’ish, yonilg’i, yordamchi jihoz va raketalar bilan ta’minlash, avariya holatlari yuz berganda kosmonavtlarni qutqarish va boshqalarga imkon beradi. Avtomatik ta’mirlash texnik jihatdan juda murakkab ish bo’lib, kosmik apparatlar orbitaga chiqarilganda ularning orbita tekisliklari ustma-ust tushishini, apparatlarning bir-biriga qattiq urilib ketmasligini, bir-biriga tomon juda aniq va ohista yo’naltirilishini talab qiladi. Bu ishlar yerdagi maxsus stansiyalardan yoki kosmonavtning boshqarish pultidan boshqarib turiladi. Dunyoda birinchi marta 1967 yil 27 va 30 oktabrlarda uchirilgan yer sun’iy yo’ldoshlari — «Kosmos-186» va «Kosmos-188» avtomatik tarzda ulandi. Ular ulangan holda 3 yarim soat davomida yer atrofida ikki marta aylanib chiqqandan so’ng yana ajratilib -31 oktabrda «Kosmos-186» yerga qo’ndirildi. Keyinchalik «Soyuz», «Salyut» va Amerika «Apollon» dasturidagi kosmik kemalar tutashtirildi.