AVTOMATLAR NAZARIYASI

AVTOMATLAR NAZARIYASI — nazariy kibernetikaning bir qismi; turli diskret axborotlar o’zgartirgichlarini tekshiradi. Abstrakt (mavhum) avtomat va avtomatlar kompozitsiyasi tushunchalari Avtomatlar nazariyasining asosiy tushunchalaridir. Abstrakt avtomat tushunchasi qurilmani axborotlarni qayta ishlash algoritmi nuqtai nazaridan, avtomatlar kompozisiyasi tushunchasi esa uning boshqa qurilmalardan qanday yasalganligi nuqtai nazaridan tavsiflashga imkon beradi. Avtomatlar nazariyasi bir necha bo’limdan iborat. Diskret qurilmalar va hisoblash mashinalarini loyihalashda, algoritmlar nazariyasida, matematika va kibernetikaning hozirgi zamon nazariyasida, programmalash nazariyasida Avtomatlar nazariyasining ahamiyati katta.