AVTOMATLASHTIRILGAN KUTUBXONA

AVTOMATLASHTIRILGAN KUTUBXONA — o’zaro bog’langan kompyuterlashgan avtomatik tizim. Asosiy vazifalari: kutubxonadagi barcha kitoblar, jurnallar va boshqa hujjatlarni to’la qayd qilish; klassifikator bo’yicha indekslar qo’yish; bibliografik qidirish; tanlab olingan kitoblarming referatlarini ko’rib chiqish; kutubxonaga a’zo bo’lganlarni ro’yxatga olish; buyurtmalarni ro’yxatlashtirish; katalog va kartochkalarni hamda qayta ro’yxatga olish varaqalarini bosmadan chiqarish, kitoblarni abonentlarga berish va qabul qilishni qayd qilish, muddatlarni cho’zib berish; moliyaviy hisobotlar; yangi kitoblarni ro’yxatga olish va holatini kuzatish; markazlashtirilgan buyurtmalar berish; kutubxonaga tushgan hujjatlarni doimo kuzatib borish va boshqalar. Avtomatlashtirilgan kutubxonada elektron kataloglarni tuzish va yaratish dastlabki qadam bo’lishi zarur. Bu vazifalarni bajarish uchun Avtomatlashtirilgan kutubxona ma’lumotlar bazasi kamida 1 million yozma ma’lumotga mo’ljallangan bo’lishi kerak. Avtomatlashtirilgan kutubxonada bir-biri b-n bog’langan kompyuterlar tizimidan foydalaniladi. Avtomatlashtirilgan kutubxonaning ichki kompyuter tizimi boshqa shahar va davlatlarning o’xshash kutubxonalariga aloqa zanjirlari orqali bog’lanadi. Natijada yangi axborotlarni tezkor usullarda uzatish, qabul qilib olish, saqlash va ularga ishlov berish imkoni mavjud bo’ladi. Avtomatlashtirilgan kutubxonada elektron kataloglar; turli sohalarga doir axborot bazalari va banklari; elektron kataloglarning bosma ko’rinishida tayyorlangan analoglari; har oyda va yil choragida chiqariladigan sohalararo adabiyotlar ko’rsatkichi; maxsus elektron jurnallar va boshqalar tashkil qilinadi.