AVTOMOBIL SANOATI
AVTOMOBIL SANOATI — mashinasozlikning bir tarmog’i; avtomobillar, tirkama va yarim tirkama yuk tashish moslamalari, avtomobillarga ehtiyot qismlar, agregatlar ishlab chiqaradi, shuningdek Motosikllar, motorollerlar, mopedlar, velosipedlar ishlab chiqarish korxonalari ham Avtomobil sanoati tarkibiga kiradi. Avtomobil sanoati 19-asr oxirida Frantsiya, Germaniya, AQSh, Buyuk Britaniyada vujudga keldi. 20-asr davomida bu sanoat yuqoridagi mamlakatlardan tashqari. Yaponiya, Italiya, Rossiya, Kanada, Shvesiya va boshqa mamlakatlarda ham rivoj topgan. Dunyoda har yili o’rta hisobda 46-53 million avtomobil ishlab chiqariladi, shulardan yuk avtomobillari 9-10 million, avtobuslar 1,4—1,7 million, kelganlari yengil avtomobillar. Yengil avtomobillar ishlab chiqarishda AQShning «Jeneral Motors»(3,4), «Ford» (4,0), «Kraysler» (1,4) avtomobil monopoliyalari jahonda ishlab chiqarilgan jami yengil avtomobillarning 23,6%ni ishlab chiqaradi, Yaponiyaning «Toyota» (3,6), «Xonda» (1,9), «Nissan» (2,1) monopoliyalari, Germaniyaning «Folksvagen» (2,0), «Opel» (1,7), Frantsiyaning «Reno» (1,6), Italiyaning «Fiat» (1,9) kompaniyalari yengil avtomobillar ishlab chiqarishda yetakchilik qiladi. 20-asrning 80 yillaridan boshlab avtomobil kontsernlari avtomobil sotish bozorlarida kattaroq joy egallash, mahsulot tannarxini kamaytirish va sifatini yuqori darajaga ko’tarish maqsadida xalqaro kontsernlarga birlasha boshlashdi. Masalan, «Ford» kontserni o’ziga Yaponiyaning «Mazda», Angliyaning «Yaguar», Shvetsiyaning «Volvo» kontsernlarining yengil avtomobillar ishlab chiqaradigan bo’limlarini kiritdi. «Folksvagen» Ispaniyaning «Seat», Germaniyaning «Audi», Chexiyaning «Shkoda» kontsernlari bilan birlashdi. Bu jarayon hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. O’zbekistonda Avtomobil sanoati 90-yillar boshidan paydo bo’ldi. 1992 yil O’zbekiston Respublikasida Janubiy Koreyaning «DEU» korporatsiyasi bilan Asaka shahrida yillik loyiha quvvati 200 ming dona yengil avtomobillar («Damas», «Tiko», «Neksiya») ishlab chiqaradigan «O’zDEU-Avto», qo’shma korxonasi barpo etildi. Asaka avtomobil zavodida «Damas» mikroavtobuslarini seriyali ishlab chiqarish 1996 yil martdan yo’lga qo’yildi, 1996 yil 19 iyulda zavodining rasmiy ochilishi va xalqaro taqdimoti o’tkazildi. 1996-99 yillarda «O’zDEUavto» qo’shma korxonasida 200 mingdan ortiq avtomobil, 1999 yilda jami 60 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqarildi («Neksiya» — 28259, «Tiko» — 16380, «Damas» — 13663 dona). Chet elga 14 mingdan ortiq avtomobil eksport qilindi. Shuningdek 1995 yil «O’zavtosanoat» uyushmasi va Turkiyaning «Koch xolding» kompaniyasi o’rtasida imzolangan shartnomaga ko’ra, Samarqand shahrida yillik loyiha quvvati 5 ming donadan ziyod avtobus va turli yuk mashinalari ishlab chiqarishga mo’ljallangan, umumiy qiymati 65 million AQSh dollariga teng «SamKochavto» qo’shma korxonasini bunyod etildi. O’rta Osiyoda avtobus va turli yuk mashinalari ishlab chiqaradigan mazkur yagona korxonani ishga tushirishga mo’ljallangan rasmiy taqdimot marosimi 1999 yil 16 martda bo’lib o’tdi. Hozircha bu zavodda tayyorlanayotgan mashinalar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarning 25% O’zbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida avtomobil qismlarini ishlab chiqarish tobora kengaytiriladi. Asaka avtomobil zavodida ham dastlabki butlovchi va ehtiyot qismlarning 15% mahalliy korxonalarda tayyorlangan bo’lsa, 1999 yilga kelib bu ko’rsatkich 55%ga yetdi. Respublika avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish maqsadida o’nlab qo’shma korxonalar tashkil etildi. Ular Janubiy koreyalik sheriklar ishtirokida tashkil etilgan zavodlar: «O’zKoramKo», «O’z-tong Xong», «O’z-Dong Yang», «O’z-don-Gju Peint Kompani», «O’z-Sam Yang» va boshqalar. 1998 yilda «O’zavtosanoat» uyushmasi Xalqaro avtotransport ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkilotlariga a’zo etib qabul qilindi. Avtozavodlarning ko’plab dilerlari respublika ichida ham, undan tashqarida ham faol ishlamoqdalar. «O’zavtotexxizmat» aktsiyadorlik jamiyati va «O’zbek-Lada» shular jumlasidandir. Avtomobillarning yangi modellarini yaratish maqsadida katta loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda. 2000 yil boshida sifatni standartlash bo’yicha xalqaro tashkilot (Іѕobmtning tashkiloti; 1946 yilda tuzilgan) «O’zDEUavto» kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga xalqaro sifat talablariga muvofiqlik sertifikatini berdi. Baxtiyor Hasanov.