AVTOMORF TUPROQ

AVTOMORF TUPROQ (Yunoncha autos — o’zi va morphe — ko’rinish, shakl) — sizot va yer usti suvlari ta’sirida ortiqcha namlanishga chalinmaydigan tuproq. Sug’orma dehqonchilik mintaqalarida sizot suvlarining sathi yer yuzasidan 5 metr va undan chuqurlikda joylashgan bo’lsa, bunday tuproqlar Avtomorf tuproq hisoblanadi. Cho’l zonasidagi sur-qo’ng’ir tuproqlar, qumli va qumoq cho’l tuproqlar, taqirsimon va taqir tuproqlar; sug’oriladigan zonalarda esa och tusli, tipik (oddiy) va to’q tusli bo’z tuproqlar Avtomorf tuproq bo’lishi mumkin. Avtomorf tuproq tushunchasi tasnifiy ahamiyatga ega bo’lmasada, bunday tuproqlardan dehqonchilikda foydalanish tarzini aniqlash, agrogidromeliorativ tadbirlarni, ayniqsa, sug’orish rejimini to’g’ri tanlashda muhim ahamiyatga ega. Avtomorf tuproqning sug’orish rejimi yarim gidromorf va gidromorf tuproqlardan farq qilib, odatda yuvilmaydigan tipda bo’ladi va bunda sug’orish tuproqning faqat yuqori 70 — 100 santimetr qatlaminigina (ildizlar eng ko’p tarqaladigan qatlam) namlashga mo’ljallanadi. Biroq Avtomorf tuproqda yetishtiriladigan madaniy o’simliklarni tez-tez sug’orishga to’g’ri keladi. Avtomorf tuproqni irrigatsiya maqsadida o’zlashtirishda kollektordrenaj shoxobchalari qurishning hojati yo’q. Avtomorf tuproqda gidromorf tuproqlarga qaraganda gumus miqdori kamroq, lekin o’simlik uchun foydali gumin kislotasi mavjud. Shu sababli Avtomorf tuproq dehqonchilik nuqgai nazaridan gidromorf tuproqlardan ustun turadi.