AXLOQ TUZATISH ISHLARI
AXLOQ TUZATISH ISHLARI — O’zbekiston Respublikasida jinoiy jazo turi. Mahkumni axloqan tuzatish — unda qonunga itoatkor xulq-atvorni, inson, jamiyat va mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari hamda an’analariga hurmatni shakllantirishdan iborat. Axloq tuzatish ishlari ish haqining 10% dan 30% gacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda shaxsni mehnatga majburan jalb qilishdan iborat. Axloq tuzatish ishlari faqat asosiy jazo sifatida 6 oydan 3 yilgacha, jinoyat sodir etish paytida 18 yoshga to’lmaganlarga nisbatan esa bir oydan bir yilgacha muddatga tayinlanadi. Bu jazo ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan, ularni jamiyatdan ajratmasdan ham tarbiyalash mumkin bo’lgan taqdirda tayinlanadi, pensiya yoshiga yetgan, mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, homilador yoki yosh bolasini boqish uchun ta’tilda bo’lgan ayollarga va harbiy xizmatchilarga nisbatan qo’llanilmaydi (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi, 46 — va 83-modda). Qonunda Axloq tuzatish ishlarining ikki turi nazarda tutilgan bo’lib, bular jazoni mahkumning o’z ish joyida o’tashdan yoki jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joyda o’tashdan iborat. Sud shaxsga Axloq tuzatish ishlarini tayinlaganda jazo turini hukmda ko’rsatadi. Jinoyat-ijroiya kodeksida Axloq tuzatish ishlarini ijro etish tartibi (26-modda), ichki ishlar organlarining jazolarni ijro etish inspektsiyasining nazorat ishlari (27-modda) belgilangan. Mahkum ishlaydigan korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyatiga ham hukmni ijro etish borasida qonun bilan tegishli majburiyatlar yuklatilgan (28-modda). Jazo muddatini hisoblash — mahkumning ish haqidan ushlab qolingan kundan, ish haqidan ushlab qolish — jazolarni ijro etish inspektsiyasidan xabarnoma olingan kundan, boshqa joyda o’taladigan Axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar uchun — jazoni o’tash uchun yuborilgan korxona, muassasa, tashkilotda ish boshlagan kundan e’tiboran boshlanadi. Mahkum ishlab bergan kunlar miqdori sud tomonidan belgilangan jazo muddatining har oyiga to’g’ri keladigan ish kunlari miqdoridan kam bo’lmasligi shart (JIK, 30-modda). Jazolarni ijro etish inspektsiyasi belgilaydigan joylarda jazoni o’tash muddati mobaynida inspektsiya yozma ruxsatisiz, mahkum tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish ta’qiqlanadi. Jazo muddati uzluksiz bo’lgani uchun shu muddat davomida mahkumga mehnat ta’tili berilmaydi, ishlangan muddat umumiy va uzluksiz ish stajiga qo’shib hisoblanmaydi.