AYIQLAR
AYIQLAR (Ursidae) — yirtqichlar turkumiga mansub sut emizuvchilar oilasi. Eng yirik yirtqichlar, boshi katta, bo’yni qisqa va yo’g’on. Panjalari kuchli rivojlangan, tovonida yuradi. Dumi kalta, qalin juni orasida deyarli sezilmaydi. Ko’pchilik Ayiqlar o’simlikxo’r yoki aralash oziqlanadi. Ayiqlar odamga tegmaydi. Faqat oziq tanqis bo’lganida, keksa va yarador ayiqlar odam uchun xavfli hisoblanadi. Oq ayiq esa haqiqiy yirtqich bo’lib, odam uchun xavfli. Ayiqlarning 4 uruqqa mansub 7 turi mavjud. Qo’ng’ir ayiq (Ursus arctos) Yevropa, Osiyo, Shimoliy Afrika va Amerikaning o’rmonli o’lkalarida tarqalgan. Tanasining uzunligi 2,5 metr, og’irligi ba’zan 750 kilogrammga yetadi. O’zbekistonning tog’ o’rmonlarida oqtirnoqli qo’ng’ir ayiq (U. arctos leuconyx) uchraydi. Qo’ng’ir ayiq oktabr — noyabrdan mart — aprelgacha daraxtlar kovagi, toshlarning ostidagi kovaklarda, tabiiy chuqur joylar yoki o’zi qazigan iniga tushib qishki uyquga ketadi. Urg’ochilari uyada 2-3 ta, ba’zan 1 yoki 4 ta nimjon bola tug’adi. Qora ayiq, Himolay ayig’i (U. thibetanus) ning tanasi birmuncha kichik va xipcharoq, quloklari yirik, juni qora, faqat ko’kragining oldingi tomonida tasmaga o’xshash oq juni bo’ladi. Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoning aralash va keng bargli subtropik o’rmonlarida yashaydi. Qora ayiq ham qo’ng’ir ayiq singari mevalar, o’simliklarning barglari va yosh novdalari, turli hasharotlar va hayvonlarning murdalari bilan oziqlanadi. Oq ayiq (U. maritimus) Arktika muzliklarida yashaydi, asosan tyulenlar, hayvonlarning murdalari bilan oziqlanadi. Qishda uxlamaydi. Tanasining uzunligi 3 metr, og’irligi 750 kilogrammgacha keladi. Baribal (Euarctos americanus) shimoliy Amerikada tarqalgan, juni silliq, tanasining uzunligi 1,5—1,8 metr, og’irligi 120— 150 kilogrammga yetadi. Janubiy Osiyoning tropik va subtropik o’rmonlarida Malayziya ayig’i (Helarctos malayanos), Hindiston va Tseylonda labdor ayiq (Melursus ursinus), Janubiy Amerikada ko’zoynakli ayiq (Tremaratus ornatus) uchraydi. Ko’pchilik ayiqlar mo’ynasi va yog’i uchun ovlanadi. Lekin barcha turlarining soni keskin kamayib ketayotganligi tufayli aksari mamlakatlarda muhofaza qilinadi. Ayiqlarning 5 turi xalqaro qizil kitobga, qo’ng’ir ayiq O’zbekiston qizil kitobiga kiritilgan. Ad.: Bogdanov O. P., Redkie jivotnie Uzbekistana, T., 1991; Naumov S. P., Umurtqali hayvonlar zoologiyasi, T., 1995.