AYSBERG
AYSBERG (inglizcha iceberg, gollandcha isberg, bu so’z skandinaviyaliklar tiliga mansub), muztog’ — okean, dengiz va muzlikka yaqin ko’llarda suzib yuruvchi yoki sayozliklarga o’tirib qoluvchi katta muz. Suvga tushib kelayotgan quruqlik muzliklari suvning gidrostatik bosimi, suv qalqishi, oqimlar, shamol ta’sirida sinib, Aysberg bo’lib qoladi. Aysberg asosan, Antarktika, Kanada Arktika arxipelagining shim. orollari, Grenlandiya qirg’oqlarida vujudga keladi. Muz hamda suvning zichligiga qarab, Aysbergning 5/6 dan 9/10 gacha qismi suv ostida bo’ladi. Suv ustidagi qismining balandligi Arktikada 70 metrgacha, Antarktikada 100 metrgacha, uzunligi 1-2 kilometrli, eni 500 metrli mayda va uzunligi bir necha o’n kilometrli yirik Aysberglar bo’ladi. Aysberg Shimoliy yarim sharda 40-50° shimoliy qutblargacha, Janubiy yarim sharda 45-60° janubiy qutblargacha uchrashi mumkin. Aysberg kemalar qatnovi uchun xavfli.