AYVON
AYVON — O’rta Osiyoda iqlimiy sharoit (asosan yoz fasli) ga mo’ljallab qurilgan usti yopiq, 1, 2 yoki 3 tomoni ochiq bino. Ayvonning shimolga qaratib solinadigan (ters ayvon) va Janubga qaratib solinadigan (o’ng ayvon, kungay ayvon) xillari bo’ladi. Tuzilishi jihatidan Ayvonning dahliz-Ayvon, ustunli Ayvon, ravoqli Ayvon kabi turlari bor. Ravoqli Ayvonning eng murakkabi peshtoq shaklida quriladi. Ayvon sahni ko’pincha sufa (supa) deb ataladi. Ayvon, odatda, chiroyli qilib bezatiladi. Shifti va devorlari bo’yaladi, yog’och ustunlariga o’yma naqshlar solinadi. Ayvon o’zbek milliy me’morligida qadimdan turar joy va jamoat binolarining muhim qismi bo’lib kelgan. Ayvon hovli, masjid, madrasa, do’kon va saroylarda yozgi bino sifatida qurilgan. Ayvon joyning iqlimiy sharoitiga qarab turli shaklda quriladi. Masalan, Farg’ona vodiysida Ayvon imorat oldiga qurilib, «peshayvon» deb yuritiladi. Buxoro Ayvonlari baland va kambarpast bo’ladi. Toshkent va Samarqand Ayvonlari ko’pincha xonalar oldi va oralig’iga quriladi. Xorazm (ko’proq Xiva) Ayvonlari atrofdagi xonalardan balandroq va shimoliy tomonga qaratib quriladi. Bunday Ayvonlarni xorazmliklar «Ullu (katta, shoh) ayvon» deyishadi. Xiva hovlilarida kambar (ters) Ayvonlar ham bo’lib, ular ko’pincha xo’jalik binolari oldiga quriladi. Ba’zi shevalarda (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida) bostirma shaklidagi binolarni ham Ayvon deb ataydilar. Xalq tilida binoning boshqa xalqlar me’morligidan o’tgan balkon, veranda kabi qismlari ham Ayvon deb yuritiladi.