Ayyorlar
Ayyorlar (arabcha-mug’ombir, daydi, yalangayoq, maxfiy ish olib boruvchi)-1) Iroq va Eron shaharlarida IX-XI asrlarda diniy va siyosiy tusdagi g’alayonlarda faol ishtirok etgan g’oziylarning bir tabaqasi. Masalan, saffoviylar qo’shinining tarkibiy qismini al-mutatavvi’a (ko’ngillilar) tashkil qilgan, ularni kamsitib Ayyorlar deb (“muttahamlar” ma’nosi ham bor) atashgan. Ayyorlar tabaqasi yersiz va qochoq dehqonlar hisobiga safini to’latib borgan. Ayyorlar mamlakat siyosiy hayotida muhim rol o’ynaganlar. Jangda alohida jasorat, shijoat ko’rsatgan. Ayyorlar yuqoriroq tabaqaga — sarhanglar qatoriga o’tkazilgan; 2) o’rta asrlarda o’zaro jang qiluvchi ikki mamlakatning biridan ikkinchisining orqa tomoniga, shuningdek, dushman qo’shini orasiga maxfiy ravishda yuborilib, unda hiyla-nayrang ishlatib qutqu solish, qo’shinning orasini buzish, eng kerakli kishilarni aldab yo’ldan urish yoki qo’lga tushirish kabi ishlab bilan shug’ullanuvchi shaxslar. O’tmishda xon (bek)liklar o’rtasidagi o’zaro nizo-janjallarda Ayyorlar katta xizmat qilgan. S.Ayniyda Buxoro Ayyorlari Yevropadagi ritsarlarga tenglashtirilgan.