AZFARIY
AZFARIY (taxallusi; asl ismi Mirza Alibaxt) (1760, Dehli — 1819, Madras) — shoir, olim, tarjimon. Boburiylar sulolasidan. Musiqa, harb va tabobat ilmini mukammal o’rgangan, turkiy, urdu, forsiy va Arab tillarida ijod qilgan. 3 devoni, «Voqioti Azfariy» va bosha tarixiy-biografik asarlari; «Farhangi Azfariy» («Azfariy lug’ati»), «Mezoni turkiy», «Nasabi turkiyi chig’atoyi», «Nasabi turkiy» kabi 15 dan ortiq kitoblari bor. Ularda bobo til (turkiy til) va uning grammatikasini o’rganishga da’vat etgan, uning lug’aviy boyligini namoyish qilgan. Navoiyning «Mahbub ulqulub» va Bobo’rning «Aruz risolasi»ni «Aruzzoda» nomi bilan fors tiliga nazm va nasrda tarjima qilgan. «Aruzzoda»ning 1836 yilda kotib Mahmudali Sayd ko’chirgan qo’lyozmasi Madras davlat Sharq qo’lyozmalari kutubxonasida saqlanadi.