BABIRUSSA
BABIRUSSA (Babyrousa babyrussa) — cho’chqalar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Urug’ning yagona turi. Boshqa cho’chqalardan boshining kichik, quloqlarining kalta, oyoqlarining ingichka va uzun bo’lishi, kalta dumining uchida popugining bo’lmasligi, orqasining juda bukchayganligi bilan keskin ajralib turadi. Babirussa Malayya arxipelagining Sulavesi va uning atrofida joylashgan orollardagi botqoqli o’rmonlarda, suv havzalari yaqinidagi qamishzorlarda yakka-yakka yoki kichik to’da bo’lib yashaydi. Babirussa yaxshi suzadi, oziq qidirib, ancha keng daryolar, hatto dengiz ko’rfazlaridan ham suzib o’tadi. Babirussani mahalliy xalq uy hayvoni sifatida boqadi, tez qo’lga o’rganadi. 10 yildan ko’proq yashaydi. O’rmonlarning kesilishi, go’shti, terisi va qoziq tishi uchun ko’plab ovlanishi natijasida Babirussa soni keskin kamayib ketgan. U Xalqaro tabiatni muhofaza qilish Kengashining Qizil kitobiga kiritilgan.