BADIIY BUYUMLAR

BADIIY BUYUMLAR — chiroyli shakllarda bezatib ishlangan, turli maqsadlarda foydalaniladigan nafis buyum va zeb-ziynatlar. Uy-ro’zg’or anjomlari, kiyim-kechak, mehnat qurollari, badiiy gazlama, gilam, palos, so’zana, qurol-aslaha, mebel kabi moddiy madaniyat asarlari, tasviriy san’at, amaliy san’at, bezak san’ati mahsulotlarini o’z ichiga oladi. Ba’zi mamlakatlar o’z Badiiy buyumlari bilan mashhur (Xitoy chinnisi, Eron gilami, hind fil suyagi mahsulotlari, Chex shishasi, o’zbek atlasi va boshqalar). Jamiyat taraqqiyoti Badiiy buyumlar tayyorlash usuli (haykaltaroshlik, kulollik, zargarlik, miskarlik, degrezlik, naqqoshlik, o’ymakorlik, koshinkorlik va boshqalar) ni ham takomillashtirdi, badiiy hunarmandlikning yangi sohalari (kashtado’zlik, do’ppido’zlik, zardo’zlik, shishasozlik va boshqalar) ni yuzaga keltirdi. O’zbekiston hududida Badiiy buyumlar ishlab chiqarish 20-asrning 20-yillaridan keng yo’lga qo’yila boshlandi. 60-yillardan mazmunan boyidi, turlari ko’paydi; an’anaviy Badiiy buyumlar qardosh xalqlar yaratayotgan mahsulotlar hisobiga ham boyimoqda. Badiiy sanoatning rivojlanishi (Toshkent chinni zavodi, Tashkent zargarlik zavodi, Buxoro zardo’zlik fabrikasi, Atlas birlashmasi, Mikond zavodi va boshqalar) Badiiy buyumlar ishlab chiqarish ko’lamini yanada kengaytirdi va rivojlantirmoqda.