BADIIY GIMNASTIKA
BADIIY GIMNASTIKA – sport turi, buyum (tasma, koptok, halqa, arg’amchi) bilan va usiz turli nafis gimnastika va raqs mashqlarini musiqa ostida bajarish bo’yicha ayollar musobaqalari. Xalqaro sport musobaqalarining hozirgi zamon dasturida ko’p kurash (bitta majburiy va buyumlar bilan uchta erkin mashqlar) hamda buyum bilan guruh bo’lib erkin mashqlar bajarish bor. G’oliblar ko’p kurashda, alohida va guruh bo’lib bajariladigan mashqlarda aniqlanadi. Sportchilarning mashqlari 10 balli tartib bo’yicha baholanadi. 40 — yillardan Badiiy gimnastika musobaqalari o’tkazila boshlandi. 50-yillar oxirida xalqaro gimnastika federatsiyasi (fij) Badiiy gimnastikani sport turi sifatida tan oldi. 1963 yildan toq yillari jahon chempionatlari o’tkazilmoqda, 70- yillar boshidan Intervideniye Kubogi uchun yirik xalqaro musobaqalar tashkil qilinmoqda. 1984 yildan Olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan. O’zbekiston Badiiy gimnastikachilari terma jamoasi 1991 yil Simferopolda o’tgan ittifoq chempionatida 1-o’rinni oldi. 1996 yil Osiyo chempionati (Xitoy) da, 1997 yil jahon chempionati (Germaniya) da ishtirok etdi (terma jamoa bosh ustozi A. Malkina, xoreograf V. Vasilev, jamoa a’zolari I. Zamyatina, T. Budarina, F. Sharipova, L. Meshcheryakova).