BADIIY MUZEYLAR
BADIIY MUZEYLAR — tasviriy va amaliy bezak san’ati hamda me’moriy yodgorliklarni yig’ish, saqlash, ta’mirlash, saralash, ko’rgazmalarda namoyish etish, o’rganish, targ’ib etish bilan shug’ullanadigan, san’atshunoslik yunalishidagi ilmiy ma’rifiy va tadqiqotlar olib boriladigan muassasalar. Muzeylar to’plamlari muntazam yangi san’at asarlari hisobiga boyib turadi, ular ko’rgazma zallariga, to’plamni asrash uchun qo’shimcha xonalarga, ta’mirlash ustaxonasi, qiroatxonali kutubxona, fototeka, fotolaboratoriya va shu kabilarga ega. Qadimda san’at asarlari ibodatxonalarda, jamoat binolarida, hukmdorlarning saroylarida, rassom va haykaltaroshlarga, bezak san’ati ustalariga homiylik qilgan badavlat kishilarning xonadonlarida yig’ib saqlangan. San’at asarlarini izchil tarzda to’plash Uyg’onish davridan boshlandi, maxsus binolar ajratildi, bu binolar muzey deb atala boshlandi. Dastlabki Badiiy muzeylar orasida eng muhimi antik san’at asarlari, italyan rassomlarining kartinalaridan iborat bo’lgan Medichilar to’plamidir (15 — asr, Florentsiya). G’arbiy Yevropa mamlakatlarida san’at asarlari saqlanadigan galereyalar tashkil topdi (Madridda Prado, Parijda Luvr va boshqalar), ayrim xususiy to’plamlarda asarlar milliy maktablarga ajratildi. Londonda birinchi davlat muzeyi — Britaniya muzeyi tashkil qilindi, davlat ixtiyoridagi Badiiy muzeylar kishilarni san’at asarlari ta’sirida tarbiyalaydigan muassasalarga aylandi. 19 — asr mobaynida ixtisoslashtirilgan muzeylar (badiiy hunarmandlik, amaliy san’at asarlari muzeylari — Londonda Saut-Kensington muzeyi, hozirgi Viktoriya va Albert muzeyi, 1852; Parijda bezak san’ati muzeyi, 1863 va boshqalar), 20 — asrdan zamonaviy san’atga bag’ishlangan muzeylar vujudga keldi. Sharq mamlakatlarida ham Badiiy muzeylar ko’paydi (Tokio Milliy muzeyi, 1871; Pekinda Gugen muzey, 1914; Dehlida Hindiston Milliy muzeyi, 1948 va boshqalar). O’zbekistonda Badiiy muzeylar tashkil etish 19-asrning 70 — yillarida boshlandi. O’zbekiston davlat san’at muzeyi 1918 yil Knyaz Romanov to’plami asosida tashkil topdi, keyinchalik yangi to’plam va asarlar bilan boyib bordi, shuningdek hozirgi O’zbekistonda yashab ijod etgan va etayotgan san’atkorlarning asarlari hisobiga boyib bormoqda. O’zbekiston amaliy san’at muzeyi, A. Ikromov nomidagi O’zbekiston xalqlari madaniyati va san’ati tarixi muzeyi va boshqalar. Badiiy muzeylar faoliyat ko’rsatmoqda. Badiiy muzeylar faoliyatida muzeylarda saqlanayotgan san’at asarlari to’plamini o’rganishga va tartibga solishga, ularning to’liq ko’rsatkichlarini tuzish va nashr qilishga, ma’lum sanalarga bag’ishlangan tadbir (sessiya, ko’rgazma) lar uyushtirishga, aholini estetik tarbiyalashda ekskursiya, ma’ruza, suhbatlar, badiiy studiyalar ishini yo’lga qo’yishga alohida ahamiyat beriladi.