BADIUZZAMON

BADIUZZAMON (1458, Hirot — 1515, Istanbul) — Xuroson hukmdori (1506-07). Husayn Boyqaroning to’ng’ich o’g’li, onasi — Marv hokimi Sanjar Mirzoning qizi Beka Sulton begim (1488 yil vafot etgan). Badiuzzamon 1473 yildan Seyiston, keyinchalik Mozandaron hokimi. Astrobod hokimi Amir mo’g’ul xiyonatidan so’ng, Husayn Boyqaro uni Astrobodga hokim qilib tayinlagan (1493 yildan). So’ng, u 1496-1506 yillarda Balx hokimi bo’lgan. Boburning yozishicha, «Sulton Husayn Mirzo Balxga kelganida Movarounnahr foydasini ko’zlab Balxni Badiuzzamonga beradi, uning mulki — Astrobodni esa Muzaffar Husayn Mirzoga topshiradi. Badiuzzamon shu tufayli arazlagandi. Shuncha yillar davom etgan dushmanlik va isyon sababi ayni shu holat edi». Badiuzzamon Astrobodni ukasiga berishga ko’nmagan. Chunki, Husayn Boyqaro Astrobodni uning o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoga sunnat to’yini qilayotganda in’om qilgan edi. Oqibat ota-o’g’il o’rtasidagi mojaro urushga aylanadi. 1497 yil Badiuzzamon Puli Chirog’ darasidagi jangda mag’lubiyatga uchraydi. Xuddi shu kuni Muzaffar Husayn Mirzo Astrobod yonida Muhammad Mo’min Mirzoni engadi. Husayn Boyqaro Balxni o’g’illaridan Ibrohim Husayn Mirzoga beradi. Yengilgan Badiuzzamon qolgan qutgan lashkari bilan Qunduzga qochadi, so’ng Xusravshoh huzuridan panoh topadi. Xusravshoh Badiuzzamonga qo’shin, qurol-yarog’ bilan yordam bergach, u Qandahor va Zamindevorga boradi. 1505 yil Badiuzzamon otasi bilan yarashib, uning xizmatiga kiradi. Otasi vafot etgach, ukasi Muzaffar Husayn Mirzo bilan birgalikda taxtga o’tiradi. 1506 yil Shayboniyxon Balxni qamal qilganda Badiuzzamon Muzaffar Mirzo bilan unga qarshi otlanib boshqa ukalarini ham yordamga chaqiradi. Bodxizda Badiuzzamon qo’shiniga Abulmuhsin Mirzo va Ibn Husayn Mirzo kelib qo’shiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur ham ularga yordamga keladi. Ammo ular to’plangunga qadar oradan 3-4 oy o’tadi, bu orada Shayboniyxon Balxni egallab, Badiuzzamon qo’shin to’playotganidan xabar topgach, kech kuzda Samarqandga qaytib ketadi. Shayboniyxon 1507 yil Samarqanddan Xurosonga qo’shin tortadi. Badiuzzamon ukasi bilan Hirotni tashlab qochadi, so’ng Eronga, Ismoil Safaviy huzuriga boradi. 1514 yil Badiuzzamonni turk sultoni Salim I Istanbulga olib ketadi, u o’sha yerda vaboga chalinib vafot etadi. Badiuzzamon Husayn Boyqaroning o’g’illari orasida eng oqili va tadbirkori bo’lib, taqvodor, adolatpesha hamda ilmu ma’rifat va hunar ahliga muruvvatli hukmdor edi. U o’z saroyida olim, shoir, san’atkor va boshqalarni yig’ib anjumanlar o’tkazib turardi. Shuning bilan birga, u o’zi ham go’zal g’azallar bitgan, mamlakatda qurilish-obodonchilik ishlariga katta e’tibor bergan. A. Navoiy Badiuzzamonni quyidagicha ta’riflagan: «Sulton Badiuzzamon Mirzo husni surat va husni siyrat bila orasta va jamoli zohiriy va kamoli botiniy bila piyrosta yigitdur. Razm atvoridin otar-tutarda dilpisand va bazm asbobidan ichmak va bag’ishlamaqda bemonand. Tab’i ham nazm uslubida muloyim tushubtur…». Ad.: Fayziyev T., Husayn Boyqaroning sirli o’limi, T., 1995.