BAHOUDDIN MAJMUASI

BAHOUDDIN MAJMUASI – Shayx Bahouddin Naqshband mozori yonidagi hazira — ansambl (Buxoro viloyati, 16-asr). Mozor Abdulazizxon buyrug’i bilan tartibga solinib, hazira barpo etilgan va 1544 — 45 yillarda majmuaning eng katta binosi — xonaqoh qurilgan. Bahouddin majmuasi daxmalar (Daxmai Shohon va Bahouddin daxmasi), maqbara, 2 masjid, saqoxona, hovuz, quduq, minora, madrasa va Abdulazizxon xonaqohidan iborat. Majmua kichik gumbazli Chortoq darvozaxonadan boshlanadi. Darvozadan o’tgach, o’ngda kichkina masjid, chap tomonda ziyoratchilar uchun turli binolar bo’lganligi ma’lum. Yo’l davomida chapda xonlar mozori — Daxmai Shohon joylashgan. Daxmai Shohon to’g’ri to’rtburchak tarhli, balandligi 2.5 metr, usti kulrang marmar bilan qoplangan. Unda marmar o’ymakorligi, xattotlik sai’atining ajoyib namunalari mavjud. Marmarlarga tokchalar, ustunchalar, sharafalar, sarv surati va boshqa bezaklar o’yilgan; naqshlar ba’zida yozuvlar bilan aralash uchraydi. Daxmai shohondan o’tgan yo’lak nafis bezatilgan peshtoqqa olib keladi (peshtoqning ikki tabaqali eshigiga «bag’dodi» va «guli nav» usulida naqshlar o’yilgan). Peshtoqning eshigidan o’tilgach, o’ngda gumbazli makbara bor (unga kim dafn qilinganligi noma’lum). Chapda — kiraverishda 6 ustunli (soddagina), oldi ayvonli Muzaffarxon masjidi joylashgan. Masjid yoniga 2 ustunli Hakim qushbegi masjidi tushgan (masjid mehrobida ajoyib mujassamotli namoyon bor). Uning Janubida naqshdor, shimolda naqshsiz ayvonlar bor. Bahouddin daxmasi marmar qoplangan kattagina murabba tarhli supa bo’lib, atrofi chiroyli marmar panjara bilan o’ralgan. Undan sal nari, shimolda—tomonlari 9,5 metr keladigan aylana zinali marmar hovuz, uning shimol tomonida kichikroq, ko’rkam Chortoq saqoxona bor. Bahouddin daxmasi bilan hovuz oralig’ida quduq, uning yonidagi chiroyli shiypondan qadimda ziyoratchilarga turli shaklli idishlarda «muqaddas» suv ulashilgan. Xakim qushbegi masjidining shimolda ko’rimsizgina bir minora, undan narida hovlidagi hovuzdan 3 baravar katta boshqa hovuz bor. Hovlining tashqarisi (shimoli-g’arbi)da to’rtburchak supa ustida xonaqoh (eni 37 metr, bo’yi 40 metrli) qad ko’targan. Markazida atrofi peshtoq ravoqli ayvonlar bilan o’ralgan masjid, uning to’rida chorzamin uslubida ishlangan qirma naqshli mehrob mavjud. Imoratning har ikki tomonida simmetrik qurilgan ikki qavatli kattakichik hujralar bo’lgan. Bahouddin majmuasiga undan 0,5 kilometr shimoli-sharqda joylashgan «qasri Orifon» masjidi ham kiradi; uning yonida pastakkina minora bor. Masjid 3 tarafdan ayvoy bilan o’ralgan; shipi naqsh tushirilgan hovuzaklik. Bahouddin majmuasi 16-asr me’morligining yangicha ansambl tuzishda erishilgan yutuqlaridan namuna bo’lib, qo’sh binoli simmetrik ansambllardan farq qiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi o’tkazilib (1993) majmua qayta ta’mirlandi, qo’shimcha binolar bunyod etildi. Ad.: Zohidov P. Sh., Bahouddin Naqshband hazirasi. T., 1994.