BAKRON MUHAMMAD IBN NAJIB
BAKRON MUHAMMAD IBN NAJIB (12-asr oxiri — 13-asr boshi) — geograf va xaritashunos. Bakron gazlamaga chizilgan «Olam shakli» — dunyo xaritasini 1209 yilda Muhammad Xorazmshoh Alovuddin ibn Takashga (1200 — 1220 yillarda hukmronlik qilgan) taqdim etgan. Xaritaning o’zi yo’qolgan, ammo o’sha xaritaga ilova qilingan batafsil izohot — «Jahonnoma» qo’lyozmasi saqlanib qolgan (Osiyo xalqlari instituti qo’lyozmalar fondi. Sankt-Peterburg, shifr S — 612). «Jahonnoma»dan ma’lum bo’lishicha, xarita rangli qilib ishlangan va uning shartli belgilari bo’lgan: shaharlar kichik doirachalar bilan, dengizlar yashil rangda, daryo va soylar och qizil rangda, tog’lar to’q qizil, cho’l va qumliklar sariq, shimoldagi qorli o’lkalar oq rangda ko’rsatilgan. Barcha nomlar qizil rangda yozilgan. Xaritaga meridian va parallellar ham chizilgan. «Jahonnoma»da 600 ta nomga izoh berilgan. Bakron dunyo xaritasi va izohotni tuzishda o’zidan oldin shu sohalarda ham tadqiqot o’tkazgan Abu Rayhon Beruniy, Nosir Xisrav asarlaridan foydalanganini uqtirib o’tgan.