BAKTERIOFAGLAR

BAKTERIOFAGLAR (bakteriyalar va Yunoncha phegos — yemiruvchi) — bakteriyalarni yutib, yemirib, yo’q qilib yuboradigan viruslar; bakteriyalar kushandasi. 1917 yil frantsuz olimi F. D’Erell bakterial fil’trlardan o’tib keta oladigan, eritish qobiliyatiga ega mavjudotlarga «bakteriofag» deb nom bergan. N. F. Gamaleya bu jarayonni birinchi bo’lib kuzatgan (1898). Mikroorganizmlar bor joyda Bakteriofaglar ham albatta bo’ladi. Ularning diametri 45— 140 nm bo’lgan dumaloqroq yoki oltiburchak shaklidagi boshchasi va uzunligi 100 — 600 nm keladigan dumi bor. Boshcha va dum qobig’i oqsil moddadan tashkil topgan. Bakteriofaglar bakteriya hujayrasiga o’simtasi bilan yopishib oladi (adsorbtsiya), so’ngra boshchasidagi narsa hujayra ichiga kirib borib, yangi fag zarrachalarini hosil qiladi. Oqibatda hujayra yemirilib (lizis), yangi Bakteriofaglar atrofga ajraladi. Virulentli va mo’tadil (simbiotik) Bakteriofaglar farq qilinadi. Birinchisi hujayralarni yemirib (lizis) yangi zarrachalar hosil qiladi. Boshqalari hujayra ichiga kirsa ham uni eritib yubormaydi (profag). Mo’tadil fag tutgan bakteriyalar lizogen bakteriyalar deyiladi. Bakteriofaglarning ayrimlari g’oyat spesifik xususiyatga ega, ya’ni mikrobning faqat bir turiga ta’sir ko’rsatadi (monofag). Boshqa Bakteriofaglar har xil turdagi hujayralarni eritib yuboradi (polifag). Mikroblarning o’zgaruvchanligi va evolyutsiyasida Bakteriofaglar muhim ahamiyatga ega. Hamma Bakteriofaglar oqsil va nuklein kislotalardan tashkil topgan bo’lib, shu kislotalar turiga qarab, DNK. va RNK tutuvchi Bakteriofaglarga bo’linadi. Bakteriofaglar shifobaxsh va kasalliklarning oldini oluvchi vosita sifatida ham qo’llaniladi. Yuqumli kasalliklar (dizenteriya, ich terlama va boshqalar) ga tashhis qo’yishda, bemor organizmidan ajratib olingan bakteriya xilini aniqlashda ham Bakteriofaglardan foydalaniladi. O’simliklarda turli kasallik qo’zg’atuvchi (fitopatogen) bakteriyalarni yemiruvchi Bakteriofaglar ham ma’lum. Ekin maydonlaridagi tuproqda va ariq suvlarida ba’zi patogen mikroblarning Bakteriofaglari topilgan. Ekishdan oldin urug’likni turli kasalliklarga qarshi dorilash tajribasi Bakteriofaglardan ekiladigan urug’larni yuqumsizlantirishda foydalanish mumkinligini ko’rsatdi.