BAKTERIOLOGIYA

BAKTERIOLOGIYA (bakteriyalar va… logiya) — bakteriyalar haqidagi fan, mikrobiologiyaning bir bo’limi. Bir nechta mustaqil sohalari bor. Umumiy Bakteriologiya bakteriyalarning morfologiyasi, fiziologiyasi va biokimyosini, ularning o’zgaruvchanligi va irsiyatini, evolyutsiyasi, tabiatda tarqalishi va boshqalarni; tibbiyot hamda veterinariya Bakteriologiyasi, kasallik tug’diruvchi bakteriyalar biologiyasini, ularni ajratib olish va aniqlash usullarini, immunitet hodisasini o’rganadi. Qishloq xo’jaligi Bakteriologiyasi tuproq strukturasi hosil bo’lishida, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash (siloslash, achitish va hokazolar) da bakteriyalarning ahamiyatini; texnika (sanoat) Bakteriologiyasi bakteriyalarning spirtlar, organik kislotalar, fermentlar, aminokislotalar va boshqa hosil qilish jarayonlarini o’rganadi. Bakteriologiya 19-asrdan L. Paster bijg’ish va ayrim infektsion kasalliklarga bakteriyalar sabab bo’lishini aniqlagandan so’ng rivojlana boshladi.