BAKTERIOSTAZ
BAKTERIOSTAZ (bakteriyalar va Yunoncha stasis — to’xtab qolish) — noqulay fizik va kimyoviy omillar ta’sir etishi yoki o’sish uchun qulay sharoit yo’qligi tufayli bakteriyalarning o’sib rivojlanishdan qisman yoki batamom to’xtashi. Bakteriostazda bakteriyalar zaharli moddalar chiqarmay qo’yadi, tibbiyotda ximioterapevtik vositalarning qo’llanilishi ana shunga bog’liq. Turli bakteriostatik moddalar va fizik omillar (yuqori osmotik bosim, nur, past temperatura va boshqalar) Bakteriostazga sabab bo’ladi. Ular ta’siri to’xtagach, bakteriyalar yana o’sib, ko’payib ketadi, lekin bunday moddalar va omillar ta’siri uzoq davom etganida bakteriyalar halok bo’ladi.