BALANIT
BALANIT, balanopostit (Yunoncha balanos — jinsiy olatning bosh qismi; itis; balanoposthitis) — jinsiy olat (zakar) bosh qismi terisi (balanit) va chekka kertmagi ichki qavatining yallig’lanishi (balanopostit). Ko’proq bolalarda olat boshi qisilib, chiqmay qolgan hollarda kuzatiladi. Birlamchi va ikkilamchi Balanit uchraydi. Olat chekka kertmagining kambar bo’lishi, unda siydik tomchisi yoki smegma to’planib qolib, unga mikroblar tushishi, shuningdek uretrit, qand kasalligi va boshqalar natijasida vujudga kelishi mumkin. So’zak, zaxm asoratlari, fimoz ham Balanitga sabab bo’ladi. Olat boshi sohasi shishib, qizaradi, maddalaydi, achishish, qichishish alomatlari paydo bo’lib, bu ayniqsa bemor siygandan keyin zo’rayadi. Lohaslik, bosh og’rig’i, haroratning ko’tarilishi, ba’zan chov sohasidagi limfa tugunlarining kattalashishi kuzatiladi. Balanitning oddiy, diabetik, gangrenoz, halqasimon, eroziyali, yiring-yarali xillari bor. Kasallikning ilk alomatlari paydo bo’lganda, darhol urolog-vrachga (siydik a’zolari mutaxassisi) uchrashish zarur. Kasallikning kechishi va xiliga qarab davo tayinlanadi, asosan yallig’lanishga qarshi dorilar (antibiotiklar, dezinfektsiyalovchi eritmali vanna va boshqalar) buyuriladi. Og’irroq hollarda jarrohlik usuli qo’llaniladi. Balanitning oldini olish uchun o’g’il bolalar gigiena qoidalariga amal qilishlari, agar fimoz bo’lsa, o’z vaqtida davolatishlari lozim.