BALATON

BALATON — Vengriyadagi ko’l. O’rta Dunay pasttekisligida, 105 metr balandlikda. Maydoni 596 kilometr kvadrat, uzunligi 78 kilometr. O’rtacha chuqurligi 3 metr (eng chuqur joyi 11 metr). Balaton ko’lining o’rni tektonik harakatlar natijasida vujudga kelgan. Shimoliy-g’arbiy qirg’oqlari baland, tik va parchalangan, qirg’oqlarining qolgan qismi past, qumloq, ba’zan botqoqlik. Balatonga bir necha daryo quyiladi, eng kattasi — Zala. Shio daryosi oqib chiqadi va u kanallar orqali Dunay daryosiga quyiladi. Kema qatnaydi. Yozda suvning temperaturasi 20°. Balaton atroflari Vengriyadagi yirik kurort va turizm rayoni. Mineral buloq ko’p. Kema qatnovi va baliq ovlash yo’lga qo’yilgan. Balaton sohilida Kestxey va Shiofok shaharlari joylashgan. Tixan landshaft qo’riqxonasi (zakaznik), Kishbalaton rezervati bor.