BALCHIQLI VULKANLAR
BALCHIQLI VULKANLAR — doimiy yoki vaqt-vaqti bilan yer yuzasiga ko’pincha suv va neft aralash holda balchiq massalari va gazning otilib chiqishidan hosil bo’ladigan turli shakldagi geologik tuzilma. Bu suyuqliklar vulkan konuslarining yon bag’rida asta-sekin qotadi; uzunligi 10 — 20 kilometr, qalinligi 5 — 30 metr, kengligi bir necha yuz metrgacha bo’ladi. Asosan neftli va vulkanli joylarda uchraydi. Balchiqli vulkanlardan metan, is gazi, karbonat angidrid, azot va boshqa gazlar chiqib turadi. Ozarbayjon, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi (Kubanda, Taman, Kerch, Kamchatka yarim orollari) hamda Italiya, Islandiya, Markaziy Amerika va boshqa joylarda Balchiqli vulkanlar bor.