BALET
BALET (lotincha ballo — raqsga tushaman) — asar mazmuni musiqiy xoreografik obrazlar vositasi bilan ifodalanadigan sahna san’ati turi. O’zida san’atning dramaturgiya, musiqa, xoreografiya, tasviriy san’at kabi turlarini uyg’unlashtiradi, bu san’at turlarining hammasi alohida-alohida mavjud bo’lmay, Baletning sintez markazi bo’lgan xoreografiyaga bo’ysunadi. Balet librettochi, kompozitor, baletmeyster va rassom hamkorligida yaratiladi. Baletning dramaturgik asosi libretto (stsenariy) dan boshlanib, unda asarning asosiy mazmuni, g’oya, ziddiyat va xarakterlari aniq belgilanadi. Libretto ko’pincha adabiy asarga asoslanib, uni musiqa va xoreografiyada gavdalantirish imkoniyati hisobga olinadi. Stsenariy asosida esa kompozitor Balet musiqasini yaratadi. Uning izchilligi, sahna ko’rinishi, parda va nomerlarga bo’linishi stsenariyda ko’rsatiladi. Musiqa faqat stsenariyni ifodalabgina qolmay, balki musiqali obrazlarning mazmuni bilan uni boyitadi. Balet musiqasi xoreografiyani yaratish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Balet — musiqada yozilgan, xoreografiyada gavdalantirilgan drama. Xoreografik harakatning asosi raqs va inson tanasining plastikasidir. Baletda raqsning mumtoz, xarakterli, sahna, xalq, erkin plastika, «modern» kabi turlaridan foydalaniladi. Mumtoz raqs Yevropa Balet san’atida yetakchi o’rinni egallab, pantomima, raqsning boshqa turlari, sport va akrobatika elementlari bilan boyib bormoqda. Balet spektaklida dekoratsiya, libos, yorug’lik va boshqa hamma tasviriy vositalarni musiqiy-xoreografik harakatga uyg’unlashtirish rassomning vazifasidir. Balet spektaklining ijrosi, musiqiy talqini va musiqa bilan raqs harakatining uyg’unligiga dirijyor rahbarlik qiladi. Baletning fojia, komediya, pyesa, Balet — simfoniya kabi janrlari mavjud. Balet spektakllari bir pardali, ko’p pardali bo’ladi. Balet atamasi asosan 16 — 19-asrlar davomida shakllangan Yevropa Balet san’atini ifodalaydi, lekin 20-asrdan kengroq talqin qilinib, Osiyo va Afrika mamlakatlarining raqs tomoshalariga nisbatan ham ishlatiladi. Hozirgi Yevropa Baletining paydo bo’lishi qadimgi xalq musiqali raqs tomoshalariga borib taqaladi. 15 — 16-asrlar teatrlashgan raqslarning shakllanish jarayoni avval Italiyada, so’ng boshqa mamlakatlarda Balet san’atini vujudga kelishiga sabab bo’ldi. 1581 yil Frantsiyada yaxlit va rivojlangan mazmunli musiqa, raqs, pantomima, so’z va ashula bilan ifodalangan birinchi Balet spektakli («qirolichaning hajviy baleti») yaratildi. 1661 yil Parijda tashkil qilingan «Qirollik raqs akademiyasi» Baletning professional san’atga aylanishida katta rol o’ynadi. 18-asrda Angliya, Avstriya va Frantsiyada Balet batamom mustaqil san’at turi sifatida shakllandi. Rossiyada birinchi Balet spektakli 17-asrning 70-yillarida («Orfey va Evredika haqida balet») yaratilgan. O’zbek xalqi qadimdan o’zining mumtoz raqsiga, rang-barang, rivojlangan raqs madaniyatiga ega bo’lib, bu O’zbekistonda professional Balet san’atining rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatgan. 1918 yil Toshkentda Turkiston xalq konservatoriyasi zaminida Davlat rus opera teatri tashkil qilindi. Teatr qoshida kichik balet truppasi ham bo’lgan. 1929 yil teatr opera va balet teatri nomini oldi. «Lolaqizg’aldoq» (R. Glier), «Raymonda» (A. Glazunov), «Ferenji» (B. Yanovskiy), «Boqchasaroy favvorasi», «Kavkaz asiri» (B. Asafev) kabi Baletlar qo’yildi. 1933 yil Toshkentda 1-Respublika balet maktabi (1935 yildan Tamaraxonim nomida) ochildi. 1933 yil birinchi o’zbek milliy Balet pantomimasi — «Paxta» (baletmeyster usta olim Komilov) sahnalashtirildi. Keyinchalik «Shohida» (F. Tal), «Gulandom» (E. Brusilovskiy), «tog’lar qalbi» (A. Balanchivadze), «Laylakcha» (D. Klebanov) kabi Baletlar o’zbek mumtoz va xalq raqslari asosida yaratildi. 1941 yilda balet maktabining birinchi bitiruvchilari G. Izmaylova, R. Urmantseva, N. Tarshilova qabilar balet truppasiga kelib qo’shildi. Ammo truppada tayyorlangan kordebaletning yuqligi mumtoz Baletlar qo’yish imkonini bermasdi. 1943 yildagina «Oqbilak» (S. Vasilenko) baleti qo’yildi. 1948 yil o’zbek opera va balet teatri Sverdlov nomidagi rus opera va balet teatri bilan birlashtirilib, A. Navoiy nomidagi opera va balet teatriga aylantirildi va tajribali kordebalet artistlari bilan kuchaytirildi. «Bukri toychoq» (Ch. Puni), «Don Kixot» (L. Minkus), «Oqqush ko’li» (P. Chaykovskiy) kabi mumtoz, «Raqqosa» (G. Mushel) kabi milliy Baletlar qo’yildi. 1948 — 51 yillar Moskva xoreografiya bilim yurti qoshida ochilgan o’zbek balet studiyasida H. Komilova, G. Mavaeva, K. Yusupova, F. Nosirova, Yo. Hojisaidova, L. Bashirova, A. Nazrullayev, R. Tanguriyev va boshqalar ta’lim oldilar. 1947 yil Toshkentda xoreografiya bilim yurti tashkil qilindi. «Yoshlik» (M. Chulaki), «Esmeralda» (Ch. Puni), «Uyqudagi go’zal» (P. Chaykovskiy) kabi spektakllar qo’yildi. 50-yillarning o’rtalarida balet truppasi B. Qoriyeva, L. Komilova, S. Tanguriyeva, V. Proskurina, R. Kurmasva, V. Vasilev, K. Soatov va boshqa balet artistlari bilan to’ldirildi. Truppa tarkibining yangilanishi repertuarga ijro uslubi murakkab mumtoz Baletlarni («Jizel», «Shopeniana») kiritish imkonini berdi. 60-yillarda «Bolero» (M. Ravel), «Don Juan» (K. Glyuk), «Spartak» (A. Xachaturyan), «Korsar» (A. Adan), «Kashmir afsonasi» (G. Mushel), «Layli va Majnun» (I. Akbarov), «Sevgi tumori», «Temur Malik» (M. Ashrafiy), «Qirqqiz» (L. Feygin), «Semurg'» (B. Brovsin), «Suhayl va mehri» (M. Leviyev) va boshqalar. Baletlar sahnalashtirildi. 70-yillarga kelib, mumtoz, zamonaviy va milliy baletlar bilan o’zbek Baleti boyidi. «Tanavor» (A. Kozlovskiy), «Oyimqiz va bezori» (D. Shostakovich), «Antoniy va Kleopatra» (E. Lazarev), «Afsonalar vodiysida» (U. Musayev), «Dunyoning yaratilishi» (A. Petrov), «Sevgi haqida qissa» (O. Medikov), «Sevgi va qilich» (M. Ashrafiy), «Uzilgan qo’shiq» (A. Kalninsh) va boshqa spektakllar shular jumlasidan. 80 — 90-yillar kompozitor va baletmeystrlarning milliy Balet yaratish borasidagi harakatlari kuchaydi. «Navro’z» (Ik. Akbarov), «Quyoshga ta’zim» (R. Abdullayev), «To’maris» (U. Musayev) kabi Baletlar milliy baletimiz mavqeini yanada ko’tardi. G. Izmaylova, B. Qoriyeva, V. Vasilev, G. Hamroyeva, N. Yoqubova, R. Tanguriyev, S. Tanguriyeva, Z. Davletmurodova, R. Karimova, F. Sa’dullayeva qabilar o’zbek Baletini rivojlanishiga munosib hissa qo’shdilar. 1997 yil Toshkent xoreografiya bilim yurti negizida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi hamda xoreografiya maktab-internati tashkil etildi.