BALIMANOV JABAY
BALIMANOV JABAY (1893, hozirgi Qozog’iston Respublikasi Oqto’ba (Aktyubinsk) viloyati Qoraqamish qishlog’i— 1966.6.8) — mashhur chorvador, O’zbekiston qorako’lchiligi novatorlaridan biri. 1920 yildan Qoraqalpog’istondagi To’rtko’l o’rmon xo’jaligida, 1928 yildan Tomdi o’rmon xo’jaligida ishchi. 1933 yildan to pensiyaga chiqishiga qadar (1963) hozirgi Navoiy viloyati Tomdi tumanidagi «Oqtov» (hozirgi J. Balimanov nomidagi xo’jalik) jamoa xo’jaligida bosh cho’pon. Ko’p yillar davomida qo’zi yetishtirish va Qorako’l teri topshirishda yuqori ko’rsatkichlarga erishgan (1963 yil har 100 bosh sovliqdan 170 qo’zi olgan). Qorako’l qo’ylarni boqish, asrash va parvarish qilish texnologiyasini zootexnika ilmi yutuqlari va to’plangan tajribalar asosida joriy etgan. Tomdi tumanidagi Oqtov posyolkasida byusti o’rnatilgan.