BALIQ UNI

BALIQ UNI — baliqdan yoki baliqni konservalash chiqitlaridan tayyorlanadigan un. Baliq uni oqsil, kaltsiy va fosforga boy bo’lib, qishloq xo’jalik hayvonlariga beriladi. Tarkibida 50 — 55% oqsil, 10 — 20% yog’, 30% gacha kaltsiy fosfat, 5% gacha osh tuzi va A, V, D vitaminlari bor. Baliq uni organizmda juda yengil hazm bo’ladi. Shuning uchun birinchi navbatda yosh hayvonlarga, jo’jalarga (kundalik Emining 10% miqdorida), tovuqlarga, ba’zan katta yoshdagi hayvonlarga ham beriladi. Sigirga kuniga 1 — 1,5 kilogramm Baliq uni berilsa, sut va go’sht sifati buzilmay, mahsuldorligi oshadi. Baliq uni O’zbekistonda Mo’ynoq baliq konserva zavodida tayyorlanadi.