BALX

BALX — shimoliy Afg’onistondagi ko’hna shahar, hozirgi Mozori Sharif shahrining g’arbida. Miloddan avvalgi 7 — asrdan ma’lum. Balx tarixda Umm ul-bilod (shaharlar onasi) deb yuritilgan. Yunonlar uni Baqtra deb ataganlar. Mudofaa devori bilan o’ralgan Bolo Hisorda va undan Janubroqdagi Yangi Balxda Balxning eng qadimgi xarobalari va turli topilmalar uchraydi. Kushonlar davrida va undan ilgari shahar maydoni Tepaizargaron hisobiga kengayadi. Shahar qal’asi Bolo Hisordan yangi Balxga ko’chirilgan. Natijada Bolo Hisor, Tepai Zargaron va yangi Balx hududlarini birlashtiruvchi shahar devori vujudga kelgan. Arxeologik qazishlar tufayli Balxdan qadimgi devor va shahar arki devorlari topilgan. Balx Axomaniylar davlatiga, undan keyin Aleksandr (Iskandar) saltanatiga qaram bo’lgan. Uning inqirozidan keyin. yangi tashkil topgan Yunon-Baqtriya podsholigining poytaxtiga aylangan (miloddan avvalgi 250 — 130 yillar). Balx miloddan avvalgi 2 — Alan yuechjilar, so’ngra Kushon podsholigi tarkibiga o’tdi. Bu davrda Balxda hunarmandchilik rivojlandi, Eron, Hindiston va Xitoy bilan savdo-sotiq olib borildi, pul zarb qilindi. Aholi zichligidan shahar tashqarisida uy-joylar qurildi. Natijada Balx Sharq bilan G’arbni bog’lab turgan «Buyuk ipak yo’li»dagi yirik savdo shaharlaridan biriga aylandi. 711 yil Balxni arablar fath etgan. G’aznaviylar (962 — 1148), g’uriylar (1148 — 1206) hukmronligi davrida Balx O’rta Sharqning yirik shaharlaridan edi. Bu davrda hunarmandchilik mahallalari vujudga keldi. 1221 yil Balxni mo’g’ullar bosib olib vayron qilgan. 13 — 14 — asrlarda Chig’atoy ulusi tarkibida bo’ldi. 1370 yildan boshlab Temur saltanati tarkibiga kirdi. Temuriylar, Shayboniylar va Ashtarxoniylar zamonida (15 — 18- asrlar) Balx muhim viloyat hisoblangan. Shayboniylardan Pirmuhammadxon (1546 — 67) va ashtarxoniylardan Nadr Muhammadxon (1611 — 42) noiblik qilgan zamonda ancha rivojlandi, katta ilmiy markazga aylandi, ko’plab tarixiy, jug’rofiy va adabiy asarlar yaratiddi. Shahar bu vaqtda ikki qism: shahri Darun (ichki shahar) va shahri berun (tashqi shahar) dan iborat bo’lgan. Shu yillarda qurilgan masjid, madrasa, hammom, rasta va boshqa binolar saqlanib qolgan. 19 — asrning 60 — yillarida Balx Afg’oniston tarkibiga kirdi. Balx atrofida Budda monastiri va stulalari (jumladan, 2 — asrga oid pishiq g’isht bilan qoplangan ulkan «Tapa (tepa) Rustam» stupasi) bor. U 54 x 54 metrli murabba tarhli supa ustiga qurilgan bo’lib, diametri 43 metr. Qadimgi shahar yodgorliklaridan Bolo Hisor qal’asi saqlangan. O’rta asr shahridan Ark, Shahriston va ularning paxsa devorlari qolgan. 15 — asr oxirida qurilgan Xoja Abu Porso masjidi va maqbarasi yaxshi saqlangan. Ad: Muxammad Yusuf munshi, Mukimxanskaya istoriya, T., 1936; Hofiz Tanish ibn Mir Muhammad Buxoriy, Abdullanoma, 1-jild, T., 1999; Gulbadan begim, Humoyunnoma, T., 1959; Pugachenkova G. A., Xalchayan. K problem xudojestvennoy kulturi Severnoy Baktrii, T., 1966.