BALZAMLASH
BALZAMLASH, mumiyolash — murda yoki uning ayrim a’zolari va to’qimalarini chiritmaydigan qilib uzoq saqlash usuli. Buning uchun jasadga chirituvchi mikroblarni o’ldiradigan maxsus antiseptik moddalar shimdiriladi. Odatda tibbiyot o’quv yurti talabalariga ko’rsatish, ilmiy tadqiqot olib borish, murdani uzoq, masofaga yetkazib berish zaruriyati tug’ilganda, shuningdek mashhur kishilar jasadi balzamlanadi. Balzamlash qadimdan ma’lum, dastlab Misrda qo’llanilgan; ular Balzamlash vositalariga xushbo’y modda — balzam ham qo’shib ishlatganlar (balzamlash nomi shundan olingan). Ilgari murdaning boshi, ko’krak, qorin bo’shliqlarini turli tuz eritmalari bilan to’ldirganlar. 16 — 17-asrlarda Yevropada har xil kimyoviy moddalar aralashgan eritmalar keng qo’llanilgan. Balzamlash uchun ko’proq formalin (formaldegidning 40%li eritmasi), etil spirti, sirka kislota va boshqalar qo’llaniladi. Tomirga formalin yuborib, murda yoki a’zo ana shu eritmaga solib qo’yilsa, uzoq turadi (formalin to’qimalarni mustahkam tutib, bakteriyalarning rivojlanishiga yo’l qo’ymaydi). Sud tibbiyotida Balzamlash uchun ko’pincha barobar miqdordagi spirt va formalin eritmasi ishlatiladi. Balzamlashning ancha mukammal usullari ham bor.