BAMIYA

BAMIYA, Gambo (Hibiscus esculentus L.) — gulxayridoshlar oilasiga mansub bir yillik o’simlik. Bo’yi 2,5 metrgacha boradi. Tashqi ko’rinishi va gullashi bilan g’o’zaga o’xshaydi. Vatani — Sharqiy Afrika. Navlari sabzavot va tola beradigan guruhlarga bo’linadi. Hindiston, Afrika va AQShda tola olinadigan navlari ekiladi. Yetilmagan ko’saksimon mevasi sabzavot ko’kat tarzida suyuq ovqat va salatlarga ishlatiladi. Mevasida 3% oqsil, 0,5% yog’, 8% uglevodlar, pishgan urug’i tarkibida 18% moy bor. Mevasini xomligicha yeyish, pishirish, qovurish, konservalash mumkin. Poyasi oq dag’al tola beradi; qovurilgan urug’idan sun’iy kofe tayyorlanadi. Tropik, subtropik mamlakatlarda, shim. Amerika, Janubiy Yevropa, Zakavkaze, Krim, Ukrainaning janubi, qisman O’rta Osiyoda, asosan, sabzavot ekini sifatida yetishtiriladi.