BANDLIK
BANDLIK, aholini ish bilan ta’minlash — mehnatga layoqatli aholining ijtimoiy foydali mehnat bilan mashg’ul bo’lishi; fuqarolarning shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bog’liq bo’lgan va qonunlarga zid kelmaydigan, mehnat daromadi beradigan faoliyati. Bandlik xodimni ijtimoiy mehnat taqsimotiga asoslangan aniq mehnat kooperatsiyasiga jalb etish bo’yicha kishilararo munosabatlarni ifoda etadi. Bandlik turli mulkchilik shakllaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda yollanib ishlash bilan cheklanmay, ayni paytda tadbirkorlikni, o’zini ish bilan mustaqil ta’minlash (o’zicha Bandlik) ni, shaxsiy tomorqa xo’jaligidagi ishni, uy xo’jaligida band bo’lish va bolalarni tarbiyalash bilan shug’ullanish, davlat va jamoat vazifalarini bajarishni, o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlarida kunduzgi o’qishni ham o’z ichiga oladi. Bandlik to’liq va to’liqsiz bo’lishi mumkin. To’liq Bandlik amalda «yalpi» Bandlik, mehnatga qobiliyatli aholining 90 — 92% band bo’lishini nazarda tutadi. Bozor sharoitlarida to’liq Bandlik jamiyat darajasida tabiiy ishsizliknnng bo’lishini ham bildiradi. To’liq bo’lmagan Bandlik aksariyat hollarda yashirin ko’rinishga ega bo’lib, xodimlarni rasman band deb hisoblashni nazarda tutadi, amalda xodimlardan qisqartirilgan ish vaqti davrida foydalanishni anglatadi. Ikkilamchi Bandlik amalda o’rindoshlik bo’lib, xodimning qo’shimcha ish haqi topish uchun ish kuchini o’zi asosiy band bo’lgan korxonaga (asosiy ishdan bo’sh vaqtlarda) taklif etishini bildiradi. O’zicha Bandlik (o’ziga ish topish) daromad manbai bo’ladigan faoliyatni mustaqil izlashni, davlatning turli darajadagi idoralari qo’llab-quvvatlashi yordamida doimiy yoki vaqtinchalik daromad olish uchun ish o’rinlari barpo etishni nazarda tutadi. O’zicha Bandlik aksariyat hollarda kichik biznes ko’rinishiga ega bo’ladi va xodimlarning o’z tashabbuslari bilan turli iste’mol tovarlari tayyorlash va xizmatlar ko’rsatish bo’yicha yakka mehnat faoliyati bilan bog’liq. To’liq va samarali Bandlik tushunchalarini ham bir-biridan farqlamoq kerak. To’liq Bandlik ishga muhtoj bo’lganlar va ishlashni xohlaganlarning barchasi ish bilan ta’minlangan holatni bildirib, ish kuchiga bo’lgan talab bilan ish kuchi taklifi o’rtasida muvozanat mavjudligini ifoda etadi. Samarali Bandlikni esa ikki nuqtai nazardan: iqtisodiy nuqtai nazardan — inson resursidan eng oqilona foydalanish, ijtimoiy nuqtai nazardan — mehnatning inson manfaatlariga eng muvofiq kelishi jihatlaridan tavsiflash mumkin. To’liq Bandlik bandlikni miqdor jihatdan, samarali Bandlik esa sifat jihatdan tavsiflaydi. Mehnat bozorida talab va taklif o’rtasidagi muvozanatning bo’lmasligi hamisha to’liq va samarali Bandlikga sharoit qoldirmaydi. Agar taklif talabdan ortib ketsa, albatta ishsizlik paydo bo’ladi, talab taklifdan va real ehtiyojlardan ortib ketgan sharoitlarda esa yashirin ishsizlik kelib chiqadi. Bandlik va ishsizlikni, ularni kerakli darajada saqlab turish maqsadlarida tartibga solishning asosiy mexanizmi bandlik xizmati ishini tashkil etish, kasbga tayyorlash va kasbga yo’naltirish hisoblanadi. O’zbekistonda Bandlik muammolari katta e’tiborni talab etadi, chunki respublikada murakkab demografik vaziyat mavjud, aholining tabiiy o’sish sur’atlari yuqori, aholi tarkibida yoshlar ko’pchilikni tashkil etadi, aholining ko’p qismi qishloqlarda yashaydi. O’zbekistonda mehnatga layoqatli aholining 33,9% davlat sektori korxona va tashkilotlarida, 66,1% esa nodavlat sektori ob’yektlarida, jumladan xususiy xo’jaliklarda (2,7%) ish bilan band (1998). Bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida mulkchilikning turli shakllari paydo bo’lishi tufayli nodavlat sektorida ishlovchilar soni ortib bormoqda. Ularning bandligi 1994 — 96 yillarda 12% ga ortdi. Mehnatga layoqatli aholining ish bilan band bo’lmagan qismi ishsizlarni tashkil etadi. Aholi bandligini oshirish bo’yicha asosiy tadbirlar ish bilan band bo’lgan aholining tarkibiy jihatdan qayta taqsimlash hamda mehnatga layoqatli yoshlarni yangi ilg’or tarmoqdar va sohalarga jalb qilish bo’lib, bu esa o’z navbatida mehnat salohiyatidan samarali foydalanishning qudratli zaxirasi hisoblanadi. O’zbekiston qishloq xo’jaligida barcha ijtimoiy ishlab chiqarish xodimlarining uchdan bir qismidan ko’prog’i band. Ularning ma’lum qismini bo’shatib olish va iqtisodiyotning boshqa sohalariga, eng avvalo, sanoatga va xizmat ko’rsatish sohasiga yo’naltirish, noqishloq xo’jaligi ish joylarini yaratish, mehnatni tashkil etishning ilg’or uslublarini qo’llash, o’smirlarni, ko’p bolalik ayollarni, pensionerlarni va nog’ironlarni iqtisodiy rag’batlantiruvchi ish bilan ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish, mehnat birjalari faoliyatini yaxshilash kabi tadbirlar aholining ish bilan bandligini oshirishga olib keladi. O’zbekiston Respublikasida aholini ish bilan ta’minlash, insonni ishli bo’lish huquqlarini ro’yobga chiqarish kafolatlari O’zbekiston Respublikasining «Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida»gi Qonunida (1992 yil 13 yanvar; 1998 yil 1-mayda yangi tahrirda qabul qilingan) belgilab berilgan. Dilfuza Rahimova.