BANGKOK
BANGKOK, Bankok — Tailand poytaxti. Mamlakatning Janubida, Menamchao-Praya daryosining chap sohilida (o’ng sohilida Bangkokning bir qismi — Tonburi joylashgan). Aholisi 5,5 million kishi (1993). Ko’pchiligi siyomliklar, qisman xitoylar. Bangkok mamlakatning eng katta shahri, siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi, yirik tashqi savdo porti, xalqaro miqyosdagi aeroport bor. Bangkokda mamlakat sanoat korxonalarining yarmidan ko’pi, jumladan eng yirik kemasozlik, taxta tilish, qog’oz, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari, to’qimachilik fabrikalari, metallsozlik, mashinasozlik, badiiy hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan. Shahar atrofida tsement, neftni qayta ishlash, traktor va avtomobil yig’uv zavodlari bor. Sholi oqlash poytaxt sanoatining asosiy tarmog’idir. Mamlakatning 75% eksporti va 90 % importi Bangkok orqali o’tadi. Universitet (1917), ijtimoiy fanlar universiteti, tasviriy san’at unti, tibbiyot, qishloq xo’jalik, politexnika institutlari, radiostantsiyalar va telemarkaz, milliy muzey, kutubxonalar, o’nlab teatr va kinoteatrlar bor. Bangkokning Markaziy qismida qirol qarorgohi, asosiy ma’muriy va hukumat binolari, saroylar, budda ibodatxonalari joylashgan. Tailandning qadimiy poytaxti Ayutiya shahri Birma qo’shinlari tomonidan (1767) buzilgandan keyin qirol qarorgohi 1769 yil Bangkokga ko’chirildi va 1782 yil Bangkok rasman poytaxt deb e’lon qilindi.