BANK FOIZ STAVKASI
BANK FOIZ STAVKASI – bank ssudasidan foydalanganlik uchun belgilangan haq miqdori; qarz summasiga nisbatan foiz hisobida undiriladi. Uning miqdori kredit turi, muddati va qarzning vaqtida qaytarilishiga bog’liq. Tijorat va davlat banklari Markaziy (milliy) bank boshchiligida kreditlar uchun belgilaydigan Bank foiz stavkasi miqdori foiz stavkalarning butun bir tizimini tashkil etadi. Davlat shu tizimga investisiyalar darajasi va pul muomalasini tartibga soladigan yo’nalishda ta’sir ko’rsatadi, ya’ni qulay iqtisodiy kon’yunkturani yaratadi. Bank foiz stavkasi qarzning qaysi tarzda va qanday berilishiga ham bog’liq. Uzoq muddatli qarzning Bank foiz stavkasi past, qisqa muddatlisiniki yuqori bo’ladi. Qarz yordam tarzida berilganda ham Bank foiz stavkasi imtiyozli bo’ladi. Agar korxona va tashkilotlarni o’z qo’lidagi mablag’ni yaxshi ishlatishga undash zarur bo’lsa, Bank foiz stavkasi oshiriladi. Bank foiz stavkasining minimal va maksimal darajasi bor. Minimal darajadagi Bank foiz stavkasi bankning xarajatlarini qoplab, zarar ko’rmasligini ta’minlashi kerak, maksimali esa bankka el qatori foyda ko’rishni ta’minlashi lozim. Bankomonat (depozit)lar uchun to’laydigan foiz stavkalari ssudadan foydalanganlik uchun belgilangan foiz stavkalaridan past bo’ladi, bu esa banklarning foyda olib ishlashini ta’minlaydi.