BANKIV TOVUG’I

BANKIV TOVUG’I, yovvoyi tovuq (Gallus gallus) — tovuqsimonlar turkumining qirg’ovulsimonlar oilasiga mansub parranda. Janubiy Osiyoda keng tarqalgan. Bu yerlarda hozir ham uchraydi. Tog’ va tekisliklardagi o’rmon va butazorlarda yashaydi. Ch. Darvin Bankiv tovug’i xilma-xil zotli xonaki tovuqlarning yovvoyi ajdodi ekanligini aniqlagan. Bankiv tovug’i Hindistonda miloddan avvalgi 3000 yil ilgari qo’lga o’rgatilgan. Uy tovuqlari Hindistondan Eron orqali Yevropaga tarqalgan degan taxminlar bor. U qo’lga tez va oson o’rganadi. Parvarish qilish, tanlash va chatishtirish yo’llari bilan yovvoyi tovuqdan katta farq qiladigan xonaki tovuq zotlari etishtirilgan. Bankiv tovug’ining rangi dakang xo’rozning rangiga o’xshaydi. Xo’rozining og’irligi 900 — 1250 gramm, makiyoniniki 500 — 550 gramm. Bankiv tovug’i yaxshi uchadi; kechalari daraxtda tunaydi. Makiyoni 5-13 donagacha maydaroq tuxum qo’yadi. Bankiv tovug’i har xil don, urug’, meva va umurtqasiz mayda jonivorlar bilan ovqatlanadi.